2026-yil 15-yanvardagi O‘RQ–1114-sonli Qonunida mahkumlarning kitob o‘qiganlik uchun jazo muddatini qisqartirish, shuningdek Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 12-iyundagi “Jazoni ijro etish muassasalarida mahkumlarning jazoni o‘tash davrida to‘g‘ri ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni shakllantirishga qaratilgan adabiyotlarni o‘qiganligi faktini tasdiqlash bo‘yicha komissiya faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi 307-sonli Qarorida mahkumlarning belgilangan adabiyotlarni o‘qiganligini tasdiqlash va bu borada komissiyalar faoliyatini tashkil etish tartibi belgilangan.
Jizzax viloyatining Jizzax shahri va Zafarobod tumanida joylashgan 29 va 30-sonli manzil-koloniyalarida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarni axloqan tuzatish hamda ularda ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni shakllantirish maqsadida “Kitob – ma’naviy ozodlik sari yo‘l” mavzusida belgilangan adabiyotlarni maxsus tasdiqlangan ro‘yxatdagi kitoblarni o‘qiganlik faktini tasdiqlashga qaratilgan test sinovlari o‘tkazildi.
Ombudsmanning Jizzax viloyatidagi mintaqaviy vakili O‘.Jo‘rayev, muassasalar xodimlari va jamoatchilik vakillaridan iborat komissiya tomonidan o‘tkazilgan test sinovlarida 23 nafar mahkum ishtirok etdi.
Sinovlar shaffof tarzda, elektron shaklda tashkil etilib, unda mahkumlarning kitob mazmunini bilishi bilan birga, hayotiy saboqlar, ezgulik, halollik, insoniylik va mas’uliyat kabi tushunchalarni qay darajada anglaganligi ham aniqlandi.
Mazkur amaliyotning muhim jihati shundaki, mahkumning har bir o‘qilgan kitobi uchun jazo muddati 3 kunga, biroq bir yil davomida ko‘pi bilan 30 kungacha qisqartirilishi mumkin.






