Uchrashuvda inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish, fuqarolarning qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ombudsman institutlari faoliyati samaradorligini oshirish hamda o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokama qilindi.
Muloqot yakunida tomonlar o‘rtasida inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish hamda samarali boshqaruvni rivojlantirish sohalarida hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan memorandum imzolandi.
Mazkur hujjat ikki mamlakat ombudsman institutlari o‘rtasida tajriba va axborot almashish, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirish, shuningdek, aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirishni nazarda tutadi.
Memorandum doirasida fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni o‘rganish, inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlar va milliy qonunchilikni amalga oshirishga oid axborot-tahliliy materiallar bilan almashish, qo‘shma seminarlar va tadbirlar tashkil etish, mutaxassislarning malakasini oshirish hamda ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlarida hamkorlik qilishga alohida e’tibor qaratiladi.
Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy ombudsman tashkilotlari doirasidagi hamkorlikni kengaytirish, inson huquqlarini himoya qilish borasidagi islohotlar va ilg‘or amaliyotlarni o‘rganish hamda o‘zaro tajriba almashish ko‘zda tutilgan.
Ta’kidlash joizki, mazkur memorandum O‘zbekiston va Tailand ombudsman institutlari o‘rtasidagi institutsional aloqalarni mustahkamlash, inson huquqlarini himoya qilishning samarali mexanizmlarini takomillashtirish hamda fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash borasidagi hamkorlikni izchil rivojlantirishga xizmat qiladi.






