Monitoring tashriflarining ikkinchi kunida Qorako‘l tumanida joylashgan nogironligi bo‘lgan erkaklar uchun “G‘amxo‘rlik” markazidagi shart-sharoitlar o‘rganildi. Mazkur markazda 300 nafardan ortiq kishi istiqomat qilmoqda. O‘rganish davomida aniqlangan ayrim kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilandi.
Shuningdek, Qorako‘l tumani IIB hamda Buxoro shahar IIBning vaqtincha saqlash hibsxonalariga monitoring tashriflari amalga oshirildi. Har ikki hibsxonada shaxslarni saqlash kameralari, tergov xonalari hamda tibbiy xizmat ko‘rsatish holati o‘rganildi. Shu bilan birga, Qorako‘l tumanidagi hibsxonada tintuv xonasi va sanitariya-gigiyena sharoitlari, Buxoro shahridagi hibsxonada esa advokatlar xonalari hamda sayr joylari ko‘zdan kechirildi.
Hibsxonalarda aniqlangan kamchiliklar yuzasidan Ichki ishlar vazirligiga Ombudsmanning ta’sir choralari kiritiladi.
Shu kuni Ombudsmanning Buxoro viloyatidagi mintaqaviy vakili xizmat xonasi joylashgan manzilda qabul o‘tkazilib, fuqarolarning murojaatlari tinglandi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati






