Monitoring doirasida 3-son tergov hibsxonasi, Andijon shahar vaqtincha saqlash hibsxonasi hamda Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasining Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun moʻljallangan maxsus qabulxonasidagi sharoitlar oʻrganildi.
Tashriflar chogʻida ushbu muassasalarda saqlanayotgan shaxslarning yashash va ovqatlanish sharoitlari, tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlariga eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, kameralar va tibbiy xonalarning holati, videokuzatuv tizimlarining ishlashi hamda shaxslarni koʻrikdan oʻtkazish tartiblari oʻrganildi.
Monitoring jarayonida “Ombudsman quti”lari orqali kelib tushgan murojaatlar koʻrib chiqildi, muassasalarda sayyor qabullar oʻtkazilib, fuqarolar murojaatlari eshitildi.
Maʼlumot uchun: joriy yilda Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasining Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun moʻljallangan maxsus qabulxonasida oʻtkazilgan avvalgi monitoringda saqlanayotgan shaxslarning yashash sharoitlari bilan bogʻliq qator kamchiliklar aniqlangan edi. Ularni bartaraf etish yuzasidan Ombudsman tomonidan tegishli tashkilotlarga taqdimnoma kiritilgan.
Ombudsman taqdimnomasi koʻrib chiqilib, maxsus qabulxonada aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun 2 mlrd soʻm mablagʻ ajratilgan.
Eslatib oʻtamiz, Ombudsman tomonidan qiynoqlarning oldini olish boʻyicha monitoring tashriflari yakunlari asosida tayyorlangan tahliliy maʼlumotlar, jumladan, monitoring jarayonida aniqlangan kamchiliklar Oliy Majlis palatalariga taqdim etiladi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati






