Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
“Tenglik va hurmat” platformasi: Farg‘onada zo‘ravonlik sodir etgan shaxslar bilan individual ish olib borildi
2026 yil 16 sentyabr kuni Farg‘ona viloyatida “Tenglik va hurmat” platformasi doirasida o‘tkazilgan navbatdagi tadbir zo‘ravonlik sodir etgan shaxslar bilan ishlashga qaratildi. Viloyat IIB hamkorligida tashkil etilgan uchrashuvga probatsiya hisobida turgan, zo‘ravonlik sodir etgan 25 nafar shaxs jalb etildi.

Uchrashuvda Ombudsmanning Farg‘ona viloyatidagi mintaqaviy vakili, viloyat IIB Jamoat xavfsizligi xizmati probatsiya boshqarmasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududiy vakilligi xodimlari ishtirok etdi.

Muloqot davomida ishtirokchilarga oilaviy nizolarni zo‘ravonliksiz hal etish, o‘zaro hurmat va muloqot madaniyati, oila oldidagi masʼuliyat, shuningdek zo‘ravonlikning huquqiy oqibatlari haqida tushuntirishlar berildi.

Ayniqsa, har bir ishtirokchi bilan individual suhbat o‘tkazilib, ularga huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatildi. Suhbatlarda oiladagi nizolarning sabablari, g‘azab va hissiyotlarni boshqarish, turmush o‘rtog‘i va farzandlar bilan munosabatlarni sog‘lom asosda qurish masalalari muhokama qilindi.

“Tenglik va hurmat” platformasi doirasida zo‘ravonlikning oldini olishda jabrlangan ayollarni qo‘llab-quvvatlash bilan birga, zo‘ravonlik sodir etgan shaxslar bilan ham individual ishlash yo‘nalishiga eʼtibor qaratilmoqda.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati