Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ayollar koloniyasida mahkumalar bilan ochiq muloqot va sayyor qabul  o‘tkazildi
2026 yilning 14 sentyabr kuni “Ombudsman maktabi” platformasi doirasida 21-son jazoni ijro etish koloniyasida mahkumalar uchun tadbir tashkil etildi. Unda 180 nafar mahkuma ishtirok etdi.

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad — jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslarning o‘z huquqlari, Ombudsmanga murojaat qilish tartibi, qiynoq va boshqa shafqatsiz muomalalarning oldini olish bo‘yicha kafolatlar, shuningdek, ozodlikka chiqqanidan so‘ng ular uchun mavjud ijtimoiy, huquqiy va mehnatga oid imkoniyatlar haqidagi xabardorligini oshirishdan iborat.

Muloqot davomida mahkumalarga murojaat qilish huquqi, ariza va shikoyatlarni belgilangan tartibda yuborish, murojaat qilgan shaxsga nisbatan bosim o‘tkazilishiga yo‘l qo‘yilmasligi, shuningdek, jazoni o‘tash jarayonida rag‘batlantirish choralari va huquqiy taʼsir mexanizmlari haqida tushuntirishlar berildi.

Ijtimoiy himoya va bandlik yo‘nalishida esa ozod qilingan shaxslarga nafaqa tayinlash, ijtimoiy yordam olish, kasbga o‘qitish, ishga joylashishga ko‘maklashish  yuzasidan amaliy tushuntirishlar berildi.

Tadbirga Probatsiya boshqarmasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi vakillari ham jalb etilib, ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga joyida huquqiy tushuntirishlar berildi.

Tadbir yakunida sayyor qabul o‘tkazilib, 20 nafarga yaqin mahkumaning murojaatlari qabul qilindi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati