Xususan, muassasa kameralari sharoiti belgilangan standartlarga muvofiqligi, undagi jihozlar, yotoq joylari, ovqatlanish, tibbiy xizmat ko‘rsatish tartibi, zarur dori vositalari bilan taʼminlanganlik va yuvinish sharoitlari sanitariya-gigiyena talablariga mosligiga eʼtibor qaratildi. VSHda advokat bilan uchrashish va murojaat qilish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi.
Monitoring doirasida ushbu muassalarda ushlab turilgan shaxslar bilan jamoaviy hamda xoli suhbatlar o‘tkazilib, ularning murojaatlari qabul qilindi.
VSH binosi 2022 yilda foydalanishga topshirilgan bo‘lib, 51 nafar shaxsni saqlashga mo‘ljallangan. Monitoring o‘tkazilgan kuni muassasada 38 nafar shaxs saqlanayotgani maʼlum bo‘ldi.
Muassasada saqlanayotgan shaxslarning sud majlislarida masofadan ishtirok etishi uchun zarur sharoitlar yaratilgan. Shu bilan birga, tergov xonasi videokuzatuv kamerasi bilan jihozlanmagani aniqlandi. Mazkur kamchilik tezkorlik bilan bartaraf etildi.
Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Toshkent viloyati filialida esa bemorlarning yashash va ovqatlanish sharoitlarida qator kamchiliklar qayd etildi. Filial maʼmuriyati mazkur obyektni Toshkent viloyati Nurafshon shaxriga ko‘chirish masalasi ko‘rib chiqilayotganini maʼlum qildi.
Angren shahridagi mastlik holatida bo‘lgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish punkti esa eski binoda joylashgani va xonalar taʼmirtalab holatda ekani aniqlandi.
Monitoring yakunlariga ko‘ra tegishli vazirlik va idoralarga Ombudsman taʼsir choralari shaklidagi hujjatlar kiritilishi maʼlum qilinadi.
Maʼlumot uchun: 2026 yilning birinchi yarmida Ombudsman va uning huzuridagi jamoatchilik guruhlari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga amalga oshirilgan monitoring tashriflari yuzasidan tegishli vazirlik va idoralarga taqdimnoma, talabnoma va xulosa shaklida jami 23 ta taʼsir chorasi kiritilgan.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati






