Xususan, Toshkent shahrida qo‘shnilar o‘rtasida yuzaga kelgan nizo oqibatida keksa ayolga 1 mln 236 ming so‘m miqdorida maʼmuriy jarima qo‘llangani yuzasidan murojaat o‘rganildi. Ombudsmanning Toshkent shahridagi mintaqaviy vakili fuqaro F.G.ning yashash joyiga borib, holatni o‘rganganida, keksa ayolning yolg‘iz yashayotgani va og‘ir sharoitda ekani maʼlum bo‘ldi. Ishga oid hujjatlar o‘rganilib, mintaqaviy vakilning huquqiy tushuntirishlariga asosida fuqaro mazkur qaror ustidan sudga murojaat qildi. Sud qarori bilan unga qo‘llangan maʼmuriy jarima bekor qilindi.
Namangan viloyatining Norin tumanida yashovchi M.X. davolanish uchun moddiy yordam so‘rab Ombudsmanga yozgan murojaati mintaqaviy vakil tomonidan tegishli masʼullardan iborat ishchi guruh tuzilgan holda joyiga chiqib o‘rganildi. Natijada fuqaroning davolanishi uchun “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasidan 7 mln so‘mga yaqin mablag‘ ajratildi.
Shuningdek, Chust tumanida yashovchi fuqaro X.O. asossiz qarzdorlik hisoblanganidan norozi bo‘lib murojaat qildi. Mintaqaviy vakil tomonidan masala joyiga chiqib o‘rganilishi natijasida qarzdorlik bilan bog‘liq tushunmovchilik bartaraf etildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati






