Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Konstitutsiyaviy sudda xorijiy davlatlar Ombudsmanlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
21 avgust kuni Konstitutsiyaviy sudda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) tashabbusi bilan o‘tkazilgan “Raqamli transformatsiya sharoitida inson huquqlari: zamonaviy yondashuvlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyaning xorijiy ishtirokchilari 17 davlat (Gretsiya, Italiya, Qatar, Qirg‘iz Respublikasi, Qozog‘iston, Malayziya, Misr, Ozarbayjon, Pokiston, Rossiya, Slovakiya, Tailand, Tojikiston, Turkiya, Turkmaniston, Ummon va Hindiston vakillari) Ombudsmanlari, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar rahbarlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha Vakili (ombudsman) F.Eshmatova, Konstitutsiyaviy sud sudyalari va Devon xodimlari ishtirok etdi.

Uchrashuvni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi M.Abdusalomov kirish so‘zi bilan ochdi. Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili tomonidan tashkil etilgan “Raqamli transformatsiya sharoitida inson huquqlari: zamonaviy yondashuvlar” mavzusidagi xalqaro konferensiya mavzusi bugun har bir davlat uchun, har bir soha uchun nafaqat dolzarb, balki inson huquqlarining kelajagi nuqtai nazaridan strategik ahamiyatga egaligini taʼkidladi.  

Bugungi kunda raqamli texnologiyalar jamiyat va davlat hayotining deyarli barcha sohalariga chuqur kirib kelayotgan davrda sunʼiy intellekt, elektron davlat xizmatlari, maʼlumotlar bazasi va raqamli platformalar inson hayotini yengillashtirish, davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish va yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qilmoqda.

Biroq, raqamlashtirish jarayoni inson huquqlarini himoya qilish sohasida ham yangi chaqiriqlarni yuzaga keltirmoqda.Shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish, shaxsiy hayot daxlsizligi, axborot xavfsizligi, sunʼiy intellekt asosida qarorlar qabul qilishda adolat va shaffoflikni taʼminlash kabi masalalar tobora katta ahamiyat kasb etmoqda.

Shu nuqtai nazardan, raqamli transformatsiyaning asosiy mezoni texnologiyalarning qanchalik tez rivojlanayotgani emas, balki ushbu taraqqiyot inson huquqlari va erkinliklarini qay darajada taʼminlayotgani bilan belgilanishi muxim ahamiyatga ega.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada inson, uning hayoti, huquq va erkinliklari, shaʼni va qadr-qimmati oliy qadriyat sifatida eʼtirof etildi. Konstitutsiyada davlatning asosiy vazifasi inson huquqlari va erkinliklarini taʼminlashdan iborat ekani yana-da aniq va qatʼiy belgilandi. Bu konstitutsiyaviy qoidalar barcha davlat organlari faoliyatining huquqiy va institutsional asosini belgilab berdi.
Raqamli transformatsiya sharoitida ushbu konstitutsiyaviy yondashuvning ahamiyati yana-da ortadi. Chunki texnologiyalar o‘zgaradi, raqamli platformalar yangilanadi, sunʼiy intellekt imkoniyatlari kengayadi. Ammo inson huquqlarining fundamental mohiyati o‘zgarmasligi kerak.Aksincha, yangi texnologiyalar inson huquqlarini amalga oshirishning yangi vositasiga aylanishi, inson huquqlarini cheklash vositasiga emas, ularni yana-da samarali taʼminlash mexanizmlariga xizmat qilishi lozim.

Shu nuqtai nazardan Konstitutsiyaviy sud oldiga ham yangi vazifalar qo‘yilmoqda. Jumladan, 2025 yil 18 dekabrdagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi faoliyatini yana-da takomillashtirish va zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF-253-son Farmoni konstitutsiyaviy nazorat samaradorligini oshirish, odil sudlovga erishish kafolatlarini kuchaytirish hamda sud faoliyatini to‘liq raqamlashtirishga qaratilgan.

Taʼkidlash joizki, raqamli transformatsiya sharoitidagi yangi chaqiriqlarga Konstitutsiyaviy sudlar, Ombudsman institutlari, inson huquqlarini himoya qiluvchi milliy va xalqaro tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlik munosib huquqiy javob topishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Ayniqsa, inson huquq va erkinliklarini  taʼminlashda Konstitutsiyaviy sud va Ombudsman institutining o‘rni muhim. Joriy yilning 10 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili — Ombudsman o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida Memorandum imzolangani biz uchun alohida ahamiyatga ega, deb taʼkidladi.

Uchrashuvda Demokratik va adolatli xalqaro tartibni ilgari surish bo‘yicha BMT Mustaqil eksperti, Demokrit universiteti (Gretsiya) jamoat huquqi professori Jorj Katrugalos hamda Qatar Milliy Inson huquqlari qo‘mitasi Bosh kotibi Sultan Hasan Al-Jamali uchrashuv uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston Konstitutsiyaviy sudi vakolatiga doir savol berildi va hamkorlikka oid takliflar bildirildi.

Uchrashuv samimiy fikr almashuv va o‘zaro hamkorlikni yaxshilashga qaratilgan do‘stona muhitda bo‘lib o‘tdi.