Maʼlumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 26 iyundagi qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qaroriga muvofiq, Ombudsman huzurida jamoatchilik guruhlari tashkil etilgan bo‘lib, ular bilan birgalikda harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga muntazam monitoring tashriflarini amalga oshirish belgilangan.
Monitoring doirasida 29-son manzil-koloniyasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish Jizzax viloyati hududiy markazi, Do‘stlik, Paxtakor tumanlari vaqtincha saqlash hibsxonalaridagi sharoitlar o‘rganildi.
Monitoring tashriflari davomida muassasalarda saqlanayotgan va istiqomat qilayotgan shaxslarning yotoq joylari, ovqatlanishi, tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlari, sanitariya-gigiyena holati o‘rganildi.
Shu bilan birga, shaxslar bilan jamoaviy va yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilib, ularning murojaatlari qabul qilindi. Muassasalardagi “Ombudsman qutilari”da qoldirilgan murojaatlar ham olib ketildi.
29-son manzil-koloniyasida mahkumlarni mehnatga jalb etish va kasb-hunarga o‘rgatish masalalariga ham eʼtibor qaratildi. Muassasada AKFA romlari tayyorlash, nonvoychilik, rotang to‘qish, tikuvchilik, mebel ishlab chiqarish, paypoq to‘qish va metallga ishlov berish yo‘nalishlarida ishlab chiqarish sexlari faoliyat yuritayotgan bo‘lib, ularda mahkumlar mehnatga jalb qilingan.
Shuningdek, mahkumlar 10 ga yaqin kasb-hunar yo‘nalishi, jumladan, elektromontyorlik, payvandchilik, duradgorlik, santexniklik, chilangarlik va tikuvchilik kabi kasblarga o‘rgatilayotgani maʼlum bo‘ldi.
Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish Jizzax viloyati hududiy markazida sayyor qabul tashkil etilib, zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarning murojaatlari qabul qilindi. Ko‘tarilgan masalalarni tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda o‘rganish va hal etish bo‘yicha zarur choralar belgilab olindi.
Maʼlumot uchun: 2026 yilning birinchi yarmida Ombudsman va uning huzuridagi jamoatchilik guruhlari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga 521 marotaba monitoring tashrifi amalga oshirildi. Bu ko‘rsatkich 2025 yilning shu davrida 491 tani, 2024 yilning birinchi yarmida esa 452 tani tashkil etgan.
Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan tegishli vazirlik va idoralarga Ombudsmanning taqdimnoma, talabnoma va xulosa shaklidagi jami 23 ta taʼsir chorasi kiritilgan.
Eslatib o‘tamiz, Ombudsman tomonidan qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha monitoring tashriflari yakunlari asosida tayyorlangan tahliliy maʼlumotlar, jumladan, monitoring jarayonida aniqlangan kamchiliklar Oliy Majlis palatalariga taqdim etiladi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati






