Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Qashqadaryoda zo‘ravonlikdan jabrlangan ayolning holati Ombudsman tomonidan o‘rganildi
Ijtimoiy tarmoqlarda Qarshi shahrida yashovchi ayol turmush o‘rtog‘i tomonidan kaltaklangani haqida xabarlar tarqaldi.

Xabar eʼlon qilinishi bilan holat Ombudsmanning Qashqadaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili hamda viloyat xotin-qizlar masalalari bo‘yicha masʼullarni jalb qilgan holda joyiga chiqqan holda o‘rganildi. Ular jabrlangan fuqaro k.X. davolanayotgan shifoxonaga borib, uning ahvoli va voqea tafsilotlari bilan tanishdi.

O‘rganish davomida k.X. turmush o‘rtog‘i bilan joriy yilning fevral oyidan buyon birga yashamasligi, uch nafar farzandi bilan ijara uyida istiqomat qilib kelayotgani maʼlum bo‘ldi.

Jabrlanuvchining so‘zlariga ko‘ra, turmush o‘rtog‘i ayol uyda bo‘lmagan vaqtda farzandlarini aldab xonadonga kirgan. Ayol uyga qaytib kelgach, uni hushidan ketgunicha do‘pposlagan va xonadonni tark etgan. Shuningdek, jabrlanuvchining tilla buyumlari, 5 mln so‘m pul mablag‘i hamda qizlarining telefon apparatlarini olib ketgan.

Shuningdek, jabrlanuvchi ijara uyiga o‘rnatilgan “tashvish tugmasi” uning turmush o‘rtog‘i tomonidan elektr tarmog‘idan uzib qo‘ygani sababli tezkor yordam chaqira olmaganligini bildirdi.

Hozirda k.X. reanimatsiya bo‘limida alohida xonada shifokorlar nazoratida davolanmoqda. U to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan bo‘lib, suyak sinishi holatlari aniqlanmagan.

To‘plangan maʼlumotlarga ko‘ra, mazkur oiladagi kelishmovchiliklar avval ham tegishli idoralar tomonidan ko‘rib chiqilgan, 2026 yil 14 iyun kuni ayol k.X.ga himoya orderi berilgan. Shuningdek, 26 iyul kuni unga tan jarohati yetkazgan turmush o‘rtog‘iga sud tomonidan 7 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlangan. Biroq u to‘g‘ri xulosa chiqarmasdan, 1 avgust kuni ayolning ijara uyiga kelib, unga nisbatan yana zo‘ravonlik qo‘llagan. Ayni paytda zo‘ravon erkakka nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qidiruv eʼlon qilingan.

Jabrlangan ayolning xavfsizligini taʼminlash, unga zarur huquqiy, psixologik va ijtimoiy yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq masalalar Ombudsman hamda hamkor tashkilotlar nazoratiga olindi.

Ombudsman o‘z vakolati doirasida holat bo‘yicha kuzatuvini davom ettiradi.

 

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati