Murojaat Ombudsman tomonidan nazoratga olinib, belgilangan tartibda mas’ul xodim tomonidan o‘rganildi.
O‘rganish davomida fuqaro 2024 yil oktyabr oyidan 2025 yil may oyiga qadar mazkur korxonada ishlagani, mehnat shartnomasi bekor qilinganidan so‘ng unga 2025 yil yanvar–may oylari uchun ish haqi hamda foydalanilmagan mehnat ta’tili uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan mablag‘lar hisob-kitob qilinmagani ma’lum bo‘ldi.
Ishga oid hujjatlar o‘rganilganda ish beruvchining qarzdorligini tasdiqlovchi hujjatlar murojaatchida mavjud emasligi aniqlandi. Shu sababli Ombudsman mas’ul xodimlari fuqarolik protsessual qonunchiligida elektron ma’lumotlar ish uchun ahamiyatga ega holatlarni tasdiqlovchi raqamli dalil sifatida e’tirof etilishini inobatga olib, xodim va korxona buxgalteriyasi o‘rtasidagi ish haqi qarzdorligiga oid Telegram yozishmalarini da’vo materiallariga kiritish zarur deb topdi.
Shundan so‘ng Ombudsman tomonidan fuqaro manfaatida Fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritildi. Da’vo arizasida mazkur yozishmalarni raqamli dalil sifatida inobatga olish ham so‘raldi.
Sudning 2026 yil 26 martdagi hal qiluv qaroriga asosan fuqaro foydasiga 54 303 000 so‘m ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar hamda 5 000 000 so‘m ma’naviy zarar — jami 59 303 000 so‘m undirilishi belgilandi.
Qayd etish lozimki, mehnat qonunchiligiga ko‘ra, mehnat shartnomasi bekor qilinganda xodimga tegishli barcha to‘lovlar belgilangan tartibda va muddatlarda amalga oshirilishi shart.
Murojaatchining iltimosiga ko‘ra, uning shaxsiga oid ma’lumotlar hamda u ishlab kelgan tashkilot nomi ko‘rsatilmadi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati






