Monitoring davomida muassasalarda saqlanayotgan shaxslarning yashash sharoitlari, ovqatlanish, tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlari, sanitariya-gigiyena holati va inson huquqlarini ta’minlash bilan bog‘liq boshqa masalalar o‘rganildi. Shuningdek, saqlanayotgan shaxslar bilan suhbatlar o‘tkazilib, ularning murojaat va takliflari tinglandi.
Maxsus qabulxonada ovqatlanish va tibbiy xizmat ko‘rsatilishi yuzasidan e’tirozlar bildirilmagan bo‘lsa-da, kameralardagi yashash sharoitlariga oid ayrim kamchiliklar qayd etildi.
Monitoringda Muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish markazida shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarga ega bo‘lmagan fuqarolar sutkaning istalgan vaqtida qabul qilinishi inobatga olinib, tibbiy xizmatning uzluksizligini ta’minlash masalasiga ham e’tibor qaratildi. Xususan, markazda tibbiyot xodimi ish vaqtidan tashqari davrda zarur holatlarda tez tibbiy yordam xizmati chaqirilishi ma’lum bo‘ldi. Ushbu yo‘nalishda tibbiy xizmatni yanada samarali tashkil etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish yuzasidan takliflar ishlab chiqilishi belgilandi.
Monitoring yakunlari bo‘yicha aniqlangan holatlar asosida Ombudsman tomonidan ishlab chiqilgan taklif va tavsiyalar Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritilishi ma’lum qilindi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati.






