Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman ko‘magida mehnat huquqlari tiklandi: xodimlar ishga tiklandi, ish haqlari undirildi
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ga Namangan viloyatining Chortoq tumanida yashovchi fuqaro A.H. mehnat huquqlari buzilayotgani bo‘yicha murojaat qildi. U ishlab kelgan korxona tomonidan 30 mln so‘mdan ortiq 1 yillik ish haqi to‘lab berilmayotganidan norozi bo‘lib, ushbu masalada amaliy yordam so‘ragan. Mazkur murojaat Ombudsmanning Namangan viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan o‘rganildi.

Ushbu holatda ham Ombudsman tomonidan fuqaro A.H. manfaatida Fuqarolik ishlari bo‘yicha Yangiqo‘rg‘on tumanlararo sudiga xodimga to‘lanmagan ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarni undirish to‘g‘risida ariza kiritildi.

Sud tomonidan Ombudsmanning arizasi qanoatlantirildi. Hozirda fuqaro A.H.ga ish haqi to‘liq undirib berilgan.

Samarqand viloyatida yashovchi fuqaro D.I. esa ko‘p yillar davomida oilaviy poliklinikada laborant vazifasida ishlab kelganligi, biroq shtatlar qisqartirilishi vaji bilan undan qayta ishga qabul qilish vaʼdasi bilan ishdan bo‘shash haqida ariza yozdirib olinganligi, lekin, ish bilan taʼminlanmasdan ishsiz qolganligi bo‘yicha murojaat qilgan edi.

Murojaat Ombudsmanning Samarqanddagi mintaqaviy vakili tomonidan o‘rganilib, fuqaro D.I. manfaatida u ishlab kelgan oilaviy poliklinikaga Ombudsmanning xati kiritilgan.

Natijada murojaatchiga ushbu oilaviy poliklinika tomonidan maʼqul keladigan ish taklif qilinib, ishga qayta tiklandi.

Qayd etish lozimki, mehnat qonunchiligiga ko‘ra, ish beruvchi xodimni mehnat shartnomasida belgilangan ish bilan taʼminlashi, ish haqini o‘z vaqtida va to‘liq to‘lashi, xavfsiz mehnat sharoitini yaratishi hamda xodimning mehnatda mayib bo‘lishi yoki kasb kasalligi tufayli sog‘lig‘iga yetkazilgan ziyonni qoplashi shart.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati