Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Qashqadaryodagi yopiq muassasalarda qanday kamchiliklar aniqlandi?
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) Qashqadaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili hamda senatorlar bilan hamkorlikda 5-son Tergov hibsxonasi, 2 va 10-son Jazoni ijro etish koloniyalari, 33-son Manzil-koloniya, Qamashi va Koson tumanlari hamda Qarshi shahar IIBlari Vaqtincha saqlash hibsxonalari (VSH), Koson va Muborak tumanlaridagi mastlik holatida bo‘lgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish tumanlararo punktlari (Hushyorxona) hamda Qashqadaryo viloyati IIB Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga monitoring tashriflari amalga oshirildi.

Monitoring tashriflarida ushbu muassasalarda saqlanayotgan shaxslarning yotoq joylari, yuvinish xonalari, oshxonalar, tibbiyot bo‘limlari, oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmonlarni saqlash sharoitlari, kutubxona, madaniy dam olish, telefon orqali muloqot qilish, uchrashuv xonalari, tintuv xonalari, sayilgoh, tergov va advokatlar xonalaridagi shart-sharoitlar, shuningdek, videokuzatuv kameralarining holati o‘rganildi.

Monitoring davomida ayrim muassasalarda bir qator kamchiliklar ma’lum bo‘ldi. Xususan, Qarshi shahar va Koson tumani IIB VSHlaridagi advokat bilan uchrashuv xonalarida vizual kuzatuv imkoniyatlari mavjud emas.

Koson va Muborak tumanlaridagi Hushyorxonalarning shaxslarni vaqtincha saqlash xonalari sanitariya holati qoniqarsiz, tozalash ishlari yetarli darajada olib borilmagan va videokuzatuv kameralaridan biri nosoz holatda.

Shuningdek, Qashqadaryo viloyati IIB Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazida voyaga yetmaganlar uchun o‘quv va huquqiy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etishga xizmat qiluvchi jihozlarni va kutubxona fondini yanada boyitishi yuzasidan tavsiyalar berildi.

Monitoring davomida koloniyalardagi “Ombudsman quti”lari ko‘zdan kechirilib, mahkumlar bilan jamoaviy va yakka tartibda suhbatlar o‘tkazildi. Yakka tartibda qabul qilingan murojaatlar asosan sog‘liqni tiklash, jazo muddati tugaganidan keyin ijtimoiy moslashuv, huquqiy tushuntirish olish hamda insonparvarlik dalolatnomasini qo‘llash masalalariga oid bo‘ldi. Ayrim murojaatlar yuzasidan joyida amaliy choralar ko‘rildi.

Monitoring yakunlariga ko‘ra aniqlangan kamchiliklar yuzasidan tegishli vazirlik va idoralarga Ombudsman ta’sir choralari shaklidagi hujjatlar kiritilishi ma’lum qilinadi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati.