Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
“Ombudsman maktabi” doirasida mahkumlar uchun ochiq muloqotlar o‘tkazilmoqda
Harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanayotgan yopiq muassasalarda huquqiy bilim va ko‘nikmalarni oshirishga qaratilgan “Ombudsman maktabi” platformasi doirasidagi tadbirlar davom etmoqda.

Tadbirlar Qashqadaryo viloyati 10 va 2-sonli Jazoni ijro etish koloniyalari, Navoiy viloyati 12 va 4-sonli Jazoni ijro etish koloniyalari, Buxoro viloyati 1-sonli Jazoni ijro etish koloniyasi, Surxondaryo viloyati 9-sonli tergov hibsxonasi, Samarqand viloyati 38-sonli Manzil koloniyasida mahkumlar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazildi. Ushbu tadbirlarda u yerlarda saqlanayotgan 500 nafarga yaqin ishtirokchilar qamrab olindi.

Ochiq muloqotlarda hududiy probatsiya boshqarmalari hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligining hududiy boshqarmalari mas’ul xodimlari ishtirok etib, jazo muddatini o‘tayotgan shaxslar, jumladan, ozodlikka chiqish arafasida turgan mahkumlarga zarur huquqiy va ijtimoiy ma’lumotlar taqdim etildi.

Xususan, Ombudsmanning yopiq muassasalarda inson huquqlarini ta’minlash borasidagi faoliyati, mahkum va mahbuslarning murojaat qilish huquqi hamda murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi haqida tushuntirishlar berildi.

Shuningdek, ishtirokchilarga jazoni ijro etish sohasidagi qonunchilikda belgilangan huquq va kafolatlar, probatsiya xizmati faoliyati, shuningdek ozodlikka chiqqanidan keyin foydalanish mumkin bo‘lgan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari haqida ma’lumotlar yetkazildi. Jumladan, ish bilan ta’minlash, kasb-hunar o‘rganish, tibbiy ko‘rikdan o‘tish, moddiy yordam olish hamda jamiyatga qayta moslashish imkoniyatlari bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berildi.

Tadbirlar davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob va huquqiy maslahatlar oldilar. Ayrim muassasalarda sayyor qabullar ham tashkil etilib, mahkum va mahbuslarning murojaatlari qabul qilindi hamda ularda ko‘tarilgan masalalarni hal etish yuzasidan tegishli choralar belgilandi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati.