Monitoring tashriflarida qayd etilgan muassasalarda saqlanayotgan shaxslarning yotoq joylari, yuvinish xonalari, oshxona, tibbiyot bo‘limi, oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmon vositalari bilan ta’minlanganligi hamda saqlash sharoitlari, kutubxona, madaniy dam olish, telefon orqali so‘zlashuv, uzoq va qisqa muddatli uchrashuv hamda tintuv, tergov va advokatlar xonalari, shuningdek, sayilgohdagi shart-sharoitlar, muassasalar hududida o‘rnatilgan videokuzatuv kameralarining holati ko‘zdan kechirildi.
Monitoringlar davomida muassasalarda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan ayrim holatlar aniqlandi.
Xususan, Kattaqo‘rg‘on shahridagi VSHda saqlanayotgan shaxslarning yaqin qarindoshlari bilan uchrashishi uchun mo‘ljallangan alohida xona mavjud emas va ayrim kameralar sanitariya uzellari bilan jihozlanmagan.
Pastdarg‘om tumanidagi VSHda esa belgilanganidan ortiq shaxs saqlanayotgani, bu esa ayrim saqlanayotgan shaxslarning yotoq joylari bilan to‘liq ta’minlanmasligiga sabab bo‘lmoqda.
Nurobod tumanlararo hushyorxonasida sanitariya-gigiyena sharoitlarini yaxshilash, xususan, hojatxona va yuvinish xonalarini yangidan tashkil etish hamda binoda ta’mirlash ishlarini amalga oshirish lozim.
Monitoring jarayonida muassasalarda jamoaviy qabullar o‘tkazilib, murojaatlar qabul qilindi.
Monitoring yakunlariga ko‘ra aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralarga Ombudsman ta’sir choralari shaklidagi hujjatlar kiritilgani ma’lum qilinadi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati.






