Jumladan, Farg‘ona viloyatidagi 10-son tergov hibsxonasi, Farg‘ona viloyati Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun mo‘ljallangan maxsus qabulxonasi, viloyat 2-sonli ruhiy kasalliklar shifoxonasi hamda Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi vaqtincha saqlash hibsxonasida yaratilgan sharoitlar o‘rganildi.
Tashriflar davomida muassasalardagi yotoq joylari, tibbiyot bo‘limlari, yuvinish va sanitariya xonalari, oshxona, oziq-ovqat mahsulotlari hamda dori-darmon vositalari bilan ta’minlanganlik holati ko‘zdan kechirildi. Shuningdek, sayilgohlar, uchrashuv xonalari, advokatlar bilan muloqot qilish uchun ajratilgan joylar va videokuzatuv vositalari holatiga ham e’tibor qaratildi.
Monitoring doirasida muassasalarda o‘rnatilgan “Ombudsman quti”lari ko‘zdan kechirildi, saqlanayotgan shaxslar bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazildi. Kelib tushgan murojaatlar belgilangan tartibda nazoratga olindi, ayrim masalalar yuzasidan joyida huquqiy tushuntirishlar berildi.
O‘rganish jarayonida e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan ayrim holatlar ham aniqlandi. Xususan, Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi vaqtincha saqlash hibsxonasining ayrim kameralarida pol va devor qismlari ta’mirtalab holatda ekani, yuvinish xonalarida sanitariya-dezinfeksiya ishlarini kuchaytirish zarurati mavjudligi qayd etildi.
Monitoring yakunlari bo‘yicha aniqlangan holatlarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli idoralarga Ombudsman xulosasi kiritilishi ma’lum qilinadi.
Shu kuni Farg‘ona shahrida joylashgan 10-son tergov hibsxonasida “Ombudsman maktabi” platformasi doirasida tadbir ham tashkil etildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining Farg‘ona viloyati boshqarmasi, Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi hamda “Madad” nodavlat notijorat tashkiloti vakillari ishtirok etdi.
Tadbir muassasada saqlanayotgan va xo‘jalik ishlariga jalb etilgan mahkumlar ishtirokida o‘tkazildi. Unda shu yo‘nalishdagi qonunchilikdagi o‘zgarishlar, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslarni jamiyatga moslashtirish, nafaqa tayinlash va to‘lash tartibi haqida tushuntirishlar berildi.
“Ombudsman maktabi” tadbiri savol-javob va ochiq muloqot ruhida o‘tdi. Yakunda murojaati bo‘lgan mahkum va mahbuslar qabul qilinib, ularga huquqiy tushuntirishlar berildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati.






