Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
“Ombudsman soati” platformasi orqali o‘quvchilarning huquqiy savodxonligi oshirilmoqda
O‘quvchilarning huquqiy bilimlarini mustahkamlashga qaratilgan navbatdagi mashg‘ulotlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo, Toshkent, Xorazm, Buxoro viloyatlari hamda Toshkent shahridagi umumta’lim maktablarida tashkil etildi. Ombudsmanning hududlardagi mintaqaviy vakillari tomonidan o‘tkazilgan darslarda 800 nafardan ortiq o‘quvchi qamrab olindi.

Darslar Toshkent shahar Yashnobod tumanidagi 155-sonli maktab, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumanidagi 1 va 65-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktablari, Qashqadaryo viloyati Qarshi shahridagi Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabi, Qarshi shahridagi ixtisoslashtirilgan boshlang‘ich raqs san’ati maktab-internati va 26-umumta’lim maktabi, Toshkent viloyati Yangiyo‘l shahridagi 2, 3, 10 va 12-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktablari, Xorazm viloyati Xiva tumanidagi 28-son hamda Xiva shahridagi 12-son umumiy o‘rta ta’lim maktablari, Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanidagi 22-sonli o‘rta umumta’lim maktablarida tashkil etildi.

Mashg‘ulotlar interaktiv usullar, videodarslik, savol-javob tarzidagi o‘yinlar shaklida o‘tkazilib, unda o‘quvchilarga shaxsiy ma’lumotlarni muhofaza qilish, raqamli makonda xavfsiz harakatlanish hamda o‘z huquqlarini anglash masalalari yuzasidan tushunchalar berildi.

Shuningdek, o‘quvchilar Ombudsman institutining faoliyati, insonning shaxsiy, siyosiy va ijtimoiy huquqlari haqidagi turli keyslar orqali o‘z bilimlarini mustahkamlashdi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati.