Ombudsmanning Toshkent shahri, Buxoro, Farg‘ona, Namangan va Andijon viloyatlaridagi mintaqaviy vakillari tomonidan fuqarolarning uy-joy, tibbiy xizmat, ijara haqini undirish, mahkumning sog‘lig‘i hamda aholi osoyishtaligi bilan bog‘liq murojaatlari tegishli idoralar ishtirokida ko‘rib chiqildi.
Jumladan, Toshkent shahrida uy-joy huquqi bilan bog‘liq murojaatlar alohida o‘rganildi. Fuqarolar oliy taʼlim muassasasiga tegishli oilaviy yotoqxonadagi turar joydan chiqarib yuborilishi ehtimoli, ushbu turar joydan foydalanish va uni xususiylashtirish masalalarida amaliy yordam so‘ragan. Murojaatlar yuzasidan joyiga chiqib o‘rganish o‘tkazilib, fuqarolarning vajlari tinglandi, ishga oid mavjud hujjatlar tahlil qilindi. Holat qonunchilik talablari asosida o‘rganilmoqda.
Buxoro viloyatida esa onasining murojaati asosida 1-son jazoni ijro etish koloniyasida jazo muddatini o‘tayotgan mahkum bilan uchrashuv o‘tkazilib, uning sog‘lig‘i bilan bog‘liq holat o‘rganildi.
Farg‘ona viloyatida tibbiy xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq murojaat mutaxassislar ishtirokida o‘rganilib, davolash jarayonida kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan masʼul shifokorga nisbatan intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi. Murojaatdan so‘ng bemorga boshqa shifokor biriktirilib, zarur tibbiy muolajalar belgilangan.
Shuningdek, Andijon viloyatida fuqarolarning shartnoma asosida yuzaga kelgan fuqarolik-huquqiy munosabatlar bilan bog‘liq murojaati joyiga chiqib o‘rganildi. O‘rganish jarayonida murojaatchilar bilan suhbat o‘tkazilib, holatga oid mavjud hujjatlar tahlil qilindi. Namangan viloyatida esa maktab hududidagi o‘yingoh shovqini yuzasidan kelib tushgan murojaat joyida o‘rganilib, masʼul idoralarga murojaat qilindi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati






