Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Andijondagi qator muassasalarda inson huquqlariga rioya etilishi holati o‘rganildi
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) Andijon viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan Qo‘rg‘ontepa va Izboskan tumanlari hamda Andijon shahar IIB Vaqtincha saqlash hibsxonalari, 3-son tergov hibsxonasi, Mastlik holatida bo‘lgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish Qo‘rg‘ontepa tumanlararo punkti, “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan bolalar (Qo‘rg‘ontepa t.) hamda Bo‘taqora “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan erkaklar (Andijon t.) va Chuama “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan ayollar (Izboskan t.) uchun internat uylari, Jalaquduq tumanidagi Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy markazi hamda Andijon viloyati IIB Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun mo‘ljallangan maxsus qabulxonaga (Maxsus qabulxona) monitoring tashriflari amalga oshirildi.

Monitoring tashriflarida qayd etilgan muassasalarda saqlanayotgan shaxslarning yotoq joylari, yuvinish xonalari, oshxona, tibbiyot bo‘limi, oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmon vositalari bilan taʼminlanganligi va saqlash sharoitlari, kutubxona, madaniy dam olish, telefon orqali so‘zlashuv, uzoq va qisqa muddatli uchrashuv hamda tintuv, tergov va advokatlar xonalari hamda sayilgohdagi shart-sharoitlar, muassasalar hududida o‘rnatilgan videokuzatuv kameralarining holati ko‘zdan kechirildi.

O‘rganish jarayonida ayrim kamchiliklar aniqlandi. Xususan, Jalaquduq tumanidagi Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy markazida o‘rnatilgan maxsus chaqiruv tugmasi orqali qo‘riqlash xizmati chaqirilganida, ushbu xizmatning masʼul xodimlari yetib kelmagan.

Shuningdek, qo‘riqlash xizmati 12 soatlik xizmat rejimi tartibiga o‘zgargani ayrim qiyinchiliklarni keltirib chiqarayotgani maʼlum bo‘ldi. Xususan, ushbu Markaz xodimlari mast holatda bo‘lgan shaxslar tomonidan janjalli vaziyatlar yuzaga kelayotgan ko‘p hollarda qo‘riqlash xodimlari ishda bo‘lmasligini taʼkidlab, qo‘riqlash punktida 24 soatlik xizmat rejimini joriy etish taklifini bildirishdi.

 “Ombudsman quti”larida qoldirilgan hamda holi tarzda o‘tkazilgan qabullar orqali kelib tushgan murojaatlar nazoratga olindi. Ayrim murojaatlar bo‘yicha joyida huquqiy tushuntirishlar berildi.

Monitoring yakunlariga ko‘ra aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralarga Ombudsman taʼsir choralari shaklidagi hujjatlar kiritilgan.

 

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati