Xususan, 11-sonli tergov hibsxonasi, Xorazm viloyati IIB Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun mo‘ljallangan maxsus qabulxona (Maxsus qabulxona) va Muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish markazi, Urganch shahar IIB vaqtincha saqlash hibsxonasi, Ruhiy-asab kasalliklari shifoxonasi, Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining viloyat filiali hamda Mastlik holatida bo‘lgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish tumanlararo (Urganch sh.) punktidagi shart-sharoitlar ko‘zdan kechirildi.
Monitoring tashriflari davomida muassasalarda saqlanayotgan shaxslarning yotoq joylari, yuvinish xonalari, oshxonalar, tibbiyot bo‘limlari, oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmonlarni saqlash sharoitlari, kutubxona, madaniy dam olish, telefon orqali muloqot qilish va uchrashuv, shuningdek, sayilgoh, tintuv, tergov va advokatlar xonalaridagi sharoitlar hamda videokuzatuv kameralarining holati ko‘zdan kechirildi.
Tashriflar davomida avvalgi monitoringlar natijasida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilgan choralar ijrosi ham o‘rganildi.
Jumladan, 11-sonli tergov hibsxonasida advokatlar uchun xonalar yetarli emasligi yuzasidan avval kiritilgan tavsiyalar asosida qo‘shimcha advokatlar xonasini tashkil etish uchun 672 mln so‘m mablag‘ ajratilgani maʼlum bo‘ldi. Shuningdek, hibsxona hududida obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish maqsadida 300 mln so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirilgani aniqlandi.
Maxsus qabulxonada saqlanayotgan shaxslarni qonunchilikda belgilangan tartibda va ixtiyoriylik asosida mehnatga jalb qilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish tavsiya etildi. Bunda, ayniqsa, aliment to‘lovlari bo‘yicha qarzdorligi mavjud shaxslarning mehnat qilishi orqali o‘z daromadi hisobidan qarzdorlikni kamaytirishi hamda Maxsus qabulxonada saqlash bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash imkoniyatini yaratish masalasiga eʼtibor qaratildi.
Ruhiy-asab kasalliklari shifoxonasida o‘tkazilgan o‘rganishlarda vasiylikka olingan ayrim shaxslar holidan vasiylari muntazam xabar olmayotgani, shu bilan birga, ularning nafaqa to‘lovlari vasiylar tomonidan olinayotgani maʼlum bo‘ldi.
Shu bois, bunday holatlarni masʼul idoralar bilan hamkorlikda o‘rganish, vasiylik majburiyatlarini lozim darajada bajarmayotgan shaxslarga nisbatan huquqiy baho berish hamda nafaqa mablag‘larining haqiqiy ehtiyoj egalari manfaatiga sarflanishini taʼminlash masalalari ko‘rib chiqilmoqda.
Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Xorazm viloyat filialida esa ovqatlantirish xizmati sifatiga oid eʼtirozlar o‘rganildi. Monitoring natijalariga ko‘ra, autsorsing asosida xizmat ko‘rsatayotgan tadbirkorlik subyekti bilan tuzilgan shartnoma shartlariga rioya etilishi va zarur hollarda mazkur shartnomani qayta ko‘rib chiqish masalasini o‘rganish taklif etildi.
Monitoring yakunlariga ko‘ra tegishli vazirlik va idoralarga Ombudsman va uning huzuridagi jamoatchilik guruhlari azolari tomonidan bildirilgan tavsiyalar yuboriladi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati






