Sessiyalarda mintaqaviy vakillar o‘z hududlarida fuqarolar murojaatlari bilan ishlash, ularda ko‘tarilayotgan masalalarni masʼul idoralar bilan hamkorlikda o‘rganish, buzilgan huquqlarni tiklash hamda inson huquqlari sohasidagi holatni tahlil qilish borasida amalga oshirilgan ishlar haqida axborot berdi. Shuningdek, harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan muassasalarda o‘tkazilgan monitoring tashriflari natijalari, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha kiritilgan taʼsir choralari va ularning ijrosi, aholining huquqiy xabardorligini oshirishga qaratilgan ochiq muloqotlar hamda sayyor qabullarda ko‘tarilgan masalalar ham muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, mintaqaviy vakillarning mahalliy Kengashlar oldida maʼruza taqdim etishi hududlarda inson huquqlari bilan bog‘liq masalalarni deputatlar korpusi ishtirokida muhokama qilish, murojaatlar tahlili asosida tizimli muammolarni aniqlash va ularga mahalliy darajada amaliy yechim topish imkonini beradi.
Maʼlumot uchun: “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi Qonunning 43-moddasiga muvofiq, Ombudsmanning mintaqaviy vakili hududda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish holati to‘g‘risida Ombudsman bilan kelishilgan holda har yili tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga maʼruza taqdim etadi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati






