Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish Surxondaryo viloyati hududiy markazida tashkil etilgan “Huquqiy yordam avtobusi” tadbirida Ombudsmanning Surxondaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi D.N. Suvanova hamda mutasaddi idoralar vakillari ishtirok etdi.
Ayni paytda mazkur markazda 7 nafar ayol va ularning 15 nafar farzandi yashamoqda. Ularning ayrimlari bir oy, boshqalari esa uch oydan buyon shu yerda reabilitatsiya jarayonini o‘tab, kasb o‘rganmoqda. Markazdagi ayollarning bir nafari ish bilan taʼminlangan, ayrimlari esa qandolatchilik orqali daromad topayotganini bildirdi.
Tadbir davomida zo‘ravonlikdan jabrlangan ayollar bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, ularning muammolari tinglandi. Ayollarga davlat himoyasi, huquqiy va psixologik ko‘mak, shuningdek taʼlim olish, ishlash, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish va uy-joy masalalari bo‘yicha mavjud imkoniyatlar haqida tushuntirishlar berildi.
Eng muhimi, uchrashuvdan keyin ular bilan alohida suhbat o‘tkazilib, murojaatlari qabul qilindi. Xususan ular tomonidan ko‘tarilgan masalalarning barchasi bo‘yicha aniq choralar belgilanib xal etildi.
Tadbir yakunlanganidan so‘ng markazdagi ayollar malakali psixologlar bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazdi. Ular bilan ruhiy tiklanish, qo‘rquv va ishonchsizlikni yengishga qaratilgan muolajalar olib borildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati






