Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Navoiyda odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari muhokama qilindi
2026 yil 4 may kuni Navoiy viloyatida Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha hududiy komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Milliy komissiya aʼzosi — Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova, hududiy komissiya aʼzolari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, tegishli idora va tashkilotlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda viloyat hududiy komissiyasi va uning tarkibidagi kichik komissiyalarning 2025 yilgi faoliyati yakunlari, sohada mavjud dolzarb masalalar hamda 2026 yilda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, 2025 yil davomida Navoiy viloyatida noqonuniy mehnat migratsiyasi, odam savdosi va majburiy mehnatning oldini olishga qaratilgan qator ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, aholi, ayniqsa yoshlar va xotin-qizlar o‘rtasida 392 tadan ortiq targ‘ibot tadbiri, davra suhbatlari va uchrashuvlar tashkil etilgan.

Shuningdek, ishlab chiqarish, qurilish va xizmat ko‘rsatish sohalarida faoliyat yuritayotgan subyektlarda majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik hamda mehnat muhofazasi qoidalariga rioya etilishi yuzasidan monitoring tadbirlari o‘tkazilgan. Odam savdosidan jabrlangan yoki xorijda og‘ir vaziyatga tushib qolgan 14 nafar fuqaro viloyatga qaytarilib, ularga ijtimoiy, huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatilgan, bandligini taʼminlash choralari ko‘rilgan.

Yig‘ilishda odam savdosiga qarshi kurashish, munosib mehnat sharoitlarini taʼminlash, majburiy mehnatning oldini olish, uzoq muddat chet elda bo‘lgan fuqarolarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va sog‘lomlashtirish, maktablar va yoshlar o‘rtasida profilaktik ishlarni kuchaytirish, shuningdek, jabrlangan shaxslarga kompleks yordam ko‘rsatish masalalari yuzasidan masʼullarning axborotlari tinglandi.

Muhokamalar davomida amalga oshirilgan ishlar bilan birga, mavjud kamchiliklar ham tanqidiy-tahliliy ko‘rib chiqildi. Masʼul tashkilotlarga odam savdosi va majburiy mehnat xavflarini barvaqt aniqlash, aholi orasida huquqiy xabardorlikni oshirish, mehnat migratsiyasiga oid tushuntirish ishlarini kuchaytirish, jabrlangan shaxslar bilan manzilli ishlash hamda idoralararo hamkorlikni yana-da samarali tashkil etish bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati