Ayni kunlarda Emma Shimichich va Aleks Xemmingsendan iborat delegatsiya mamlakatimizda bo‘lib turibdi. Tashrif doirasida mamlakatimizda migratsiya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, ularning migratsiya jarayonlariga taʼsiri, shuningdek shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar hamda fuqarolik-huquqiy hujjatlarni rasmiylashtirish bilan bog‘liq qonunchilik va amaliyot xususiyatlarini o‘rganish maqsadida qator idoralar bilan uchrashuvlar tashkil etilmoqda.
Suhbat chog‘ida Ombudsman instituti tomonidan xorijda yashab mehnat faoliyatini olib borayotgan fuqarolar huquqlarini taʼminlash borasida olib borilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi. Xususan, bu yo‘nalishda xorijiy davlatlar ombudsmanlari bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgani, mazkur hamkorlik orqali fuqarolar murojaatlarini qisqa muddatlarda ko‘rib chiqish va amaliy yechim topish imkoniyatlari kengaygani qayd etildi.
Uchrashuvda migratsiya jarayonlarida inson huquqlarini taʼminlash, fuqarolarning huquqiy himoyasini kuchaytirish hamda bu boradagi o‘zaro axborot almashinuvini rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati






