Monitoring tashriflari davomida ushbu muassasalarda saqlanayotgan shaxslarning yotoq joylari, yuvinish xonalari, oshxona, tibbiyot bo‘limi, oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmon vositalari bilan taʼminlanganligi va ularni saqlash sharoitlari, kutubxona, madaniy dam olish, telefon orqali so‘zlashuv, uzoq va qisqa muddatli uchrashuv xonalari, tintuv xonalari, sayilgoh, tergov va advokatlar xonalaridagi shart-sharoitlar, shuningdek, muassasalar hududida o‘rnatilgan videokuzatuv kameralarining holati ko‘zdan kechirildi.
O‘rganish jarayonida ayrim kamchiliklar aniqlandi. Xususan, Termiz shahri, Sho‘rchi va Denov tumanlari IIB VSʼH hamda Surxondaryo viloyati IIB Maxsus qabulxonasida baʼzi jihozlar yetishmasligi, Denov va Sho‘rchi tumanlari IIB VSʼHda sunʼiy shamollatish tizimlari ishlamasligi aniqlandi.
Denov “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun erkaklar muruvvat internat uyida ayrim oziq-ovqat mahsulotlarining yaroqlilik muddati ko‘rsatilmaganligi maʼlum bo‘ldi. Mazkur holat avvalgi monitoringlarda ham aniqlangan va tegishli tavsiyalar berilgan edi.
Shu bilan birga, Qiziriq tumanidagi xushyorxonada dori-darmon vositalarining yaroqlilik muddati o‘tganligi, Sho‘rchi va Qumqo‘rg‘on tumanlaridagi xushyorxonalarda esa belgilangan dori-darmon vositalari to‘liq emasligi aniqlandi.
Monitoring davomida ayrim xushyorxonalarda yuvinish xonalari taʼmirtalab holdaligi, ayrimlarida esa ular umuman mavjud emasligi, krovatlar eskirganligi hamda qo‘riqlash xizmati xodimlari biriktirilmaganligi maʼlum bo‘ldi.
Shu bilan birga, Sherabod tumani xushyorxonasida Ombudsman taqdimnomasiga ko‘ra, ilgari aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilgani maʼlum bo‘ldi.
Monitoring natijalari yuzasidan tegishli vazirlik va idoralarga Ombudsmanning taʼsir choralari shaklidagi hujjatlar kiritilishi maʼlum qilinadi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati






