Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Samarqanddagi yopiq muassasalar o‘rganilganda qator kamchiliklar aniqlandi – Ombudsman
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Vaqtincha saqlash hibsxonasi (VSʼH) hamda Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun mo‘ljallangan Maxsus qabulxonasi (Maxsus qabulxona), Urgut, Tayloq, Payariq va Qo‘shrabot tumanlari IIB VSʼHlari, shuningdek 7-sonli tergov hibsxonasi hamda 37 va 38-sonli Manzil-koloniyalari, Qo‘shrabot, Bulungur, Payariq va Urgut tumanlaridagi Mastlik holatida bo‘lgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish punktlari (hushyorxona), Respublika Ixtisoslashtirilgan Ruhiy salomatlik ilmiy amaliy tibbiyot markazi va Narkologiya xizmati bo‘yicha Samarqand viloyat filiallariga monitoring tashriflari amalga oshirildi.

Monitoring tashriflarida muassasalarda saqlanayotgan shaxslarning yotoq joylari, yuvinish xonalari, oshxonalari, tibbiyot bo‘limlari, oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmonlarni saqlash sharoitlari, kutubxona, madaniy dam olish, telefon orqali muloqot qilish, uzoq va qisqa muddatli uchrashuv xonalari, tintuv xonalari, sayilgoh, tergov va advokatlar xonalaridagi shart-sharoitlar, shuningdek, videokuzatuv kameralarining holati o‘rganildi.

Monitoringlar davomida, mastlik xolatida bo‘lgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish Urgut tumanlararo punktida, Qo‘shrabot, Payariq va Tayloq tumani IIB VSʼHlarida bir qator kamchiliklar aniqlandi.

Shuningdek, Maxsus qabulxonasida saqlanayotgan shaxslar soni belgilangan sig‘imdan muntazam oshib ketishi oqibatida yashash va ovqatlanish uchun mo‘ljallangan jihozlar yetishmayotganligi maʼlum bo‘ldi.

Monitoring jarayonida “Ombudsman qutisi” orqali kelib tushgan murojaatlar qabul qilindi hamda sayyor qabullar tashkil etilib, mahkum va mahbuslar murojaatlari holi tarzda qabul qilindi.

Monitoring yakunlariga ko‘ra aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralarga Ombudsman taʼsir choralari shaklidagi hujjatlar kiritilishi maʼlum qilinadi.

 

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakolatli (ombudsman) Axborot xizmati