Memorandum doirasida Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish Namangan viloyati hududiy markazida “Tenglik va hurmat” platformasi asosida “Huquqiy yordam avtobusi” tadbiri tashkil etildi. Unda Oila va xotin-qizlar boshqarmasi, ichki ishlar boshqarmasining xotin-qizlar va yoshlar bilan ishlash bo‘limi, psixologlar hamda zo‘ravonlikdan jabrlangan 7 nafar ayol ishtirok etdi.
Tadbir doirasida zo‘ravonlikdan jabrlangan ayollar bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilib, ularni davlat himoyasiga olish, qo‘llab-quvvatlash, xavfsiz hayotga qaytarish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, yaratilgan huquq va imkoniyatlar haqida tushuntirishlar berildi hamda murojaatlari qabul qilindi.
Shuningdek, 3 nafar oilaviy zo‘ravonlik sodir etgan erkak-agressor aniqlanib, ular bilan ichki ishlar boshqarmasi va Oila va xotin-qizlar boshqarmasi hamkorligida psixologik individual ishlash, masʼuliyat, oilaviy munosabatlar va tenglik mavzularida terapevtik mashg‘ulotlar o‘tkazish rejalashtirildi.
Tadbir yakunida markazda tashkil etilgan tikuvchilik, pazandachilik, bolalar massaji va kompyuter savodxonligi bo‘yicha kasbga o‘qitish kurslari bilan tanishildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati






