Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Raddiya: Ombudsman maʼlumotlari talqini yuzasidan
Ijtimoiy tarmoqlarda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) 2025 yilgi faoliyati to‘g‘risidagi maʼruzasida keltirilgan maʼlumotni Oliy sud axborot resurslaridagi raqamlar bilan qiyoslash natijasida noto‘g‘ri talqinlar yuzaga kelmoqda.

Avvalo, aytish joizki, Oliy sud va Ombudsman maʼlumotlarini o‘zaro to‘g‘ridan-to‘g‘ri solishtirib bo‘lmaydi. Chunki, Oliy suddagi raqamlar sud amaliyoti bo‘yicha umumiy ko‘rsatkichlardir. Ombudsman keltirgan maʼlumot esa fuqarolar yoki advokatlardan kelib tushgan shikoyatlar asosida o‘rganilgan holatlarga oid. Mazkur o‘rganishlar bo‘yicha kiritilgan taʼsir choralari natijasida vakolatli organlar tomonidan 4 nafar xodimga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Shu bois, turli mazmundagi maʼlumotlarni bilib-bilmay aralashtirib, “kim yolg‘onchi?” degan mazmunda soxta qarama-qarshilik yaratish asossiz yondashuvdir.

 “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi qonunning 47-moddasiga ko‘ra, Ombudsman, harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylar maʼmuriyatining g‘ayriqonuniy harakatlariga (harakatsizligiga) chek qo‘yish uchun zudlik bilan choralar ko‘radi, harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslarni saqlash shart-sharoitlari to‘g‘risida xulosa tuzadi va uni tegishli tashkilotlarga yoki mansabdor shaxslarga yuboradi, tegishli tashkilotlarga ularning qiynoqqa solish hollarining oldini olishga doir faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar va takliflar kiritadi, qiynoqqa solish hollarini bartaraf etish bo‘yicha tegishli tashkilotlarga talabnoma kiritadi.

Shuningdek, Ombudsmanga Ishonch telefoni (1096) va rasmiy sayt orqali, dushanbadan jumaga qadar o‘tkaziladigan fuqarolar qabuli, shuningdek hududlardagi mintaqaviy vakillar orqali ham murojaat yuborish imkoniyati mavjudligi eslatib o‘tiladi.

Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillaridan axborotni talqin qilishda rasmiy manbalarga tayanish so‘raladi.

 

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati