Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Xorazmdagi tergov hibsxonasida 361 nafar shaxs chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Xorazm viloyatidagi mintaqaviy vakili tashabbusi hamda viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi bilan hamkorlikda 11-sonli tergov hibsxonasida saqlanayotgan shaxslar uchun tibbiy ko‘rik tashkil etildi.

Tibbiy ko‘rikka nevropatolog, LOR, endokrinolog, kardiolog, xirurg, ginekolog va okulist shifokorlari jalb etildi. Shuningdek, zamonaviy diagnostika usullari asosida UTT, EKG hamda laboratoriya tekshiruvlari ham amalga oshirildi.

Ko‘rik davomida jami 361 nafar shaxs tibbiy tekshiruvdan o‘tkazildi. Natijada 144 nafar saqlanayotgan shaxsga ambulator davolanish uchun qo‘shimcha dori-darmonlar tavsiya etildi. Shuningdek, 5 nafar shaxsga qo‘shimcha tekshiruvlar, yana 5 nafariga esa rejali davolanish belgilandi.

Tadbir doirasida Ombudsmanning mintaqaviy vakili tomonidan hibsxonada saqlanayotgan shaxslar bilan bevosita muloqot ham o‘tkazildi. Ulardagi mavjud masalalar o‘rganilib, murojaatlari qabul qilindi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati