Monitoring tashriflarida muassasalardagi yotoq joylar, yuvinish xonalari, oshxona, tibbiyot bo‘limi, oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmonlarni saqlash sharoitlari, kutubxona, madaniy dam olish, telefon orqali muloqot qilish, uzoq va qisqa muddatli uchrashuv xonalari, tintuv xonalari, sayilgoh, tergov va advokatlar xonalaridagi shart-sharoitlar, shuningdek, videokuzatuv kameralarining holati o‘rganildi.
O‘rganish jarayonida ayrim kamchiliklar aniqlandi. Jumladan, viloyat ruhiy asab kasalliklari dispanseri va muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish markazidagi shaxsiy yig‘ma jildlar o‘rganilganda, saqlanayotgan shaxslarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud emasligi aniqlanib, hujjatlarni rasmiylashtirish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilandi.
Mastlik holatida bo‘lgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish Sharof Rashidov tumanlararo punktida mast holdagi shaxslar tomonidan ayrim xonalardagi videokuzatuv qurilmalari va jihozlarga shikast yetkazilgani, deraza oynasi sindirilgani va tibbiy xodimlarga nisbatan mast holdagi shaxslar tomonidan kuch ishlatish holatlari aniqlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 1 dekabrdagi “Jamoat tartibini saqlash, jamoat xavfsizligini taʼminlash va huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasidagi huqumat qarorlarini tizimlashtirish to‘g‘rsida”gi 754-son qarorining 5-ilovasi, 34-bandida “Qo‘riqlash bo‘linmalari naryadlari mastlik holatida bo‘lgan shaxslarni tibbiy yordam ko‘rsatish punktlariga qabul qilish uchun tibbiyot xodimlari ko‘rikdan o‘tkazayotgan va tibbiy yordam ko‘rsatayotgan vaqtda jamoat tartibini taʼminlaydi; mastlik holatida bo‘lgan shaxslar tomonidan agressiv xatti-harakatlar bilan qonunbuzarlik harakatlari sodir etilgan taqdirda, tegishli choralar ko‘radi; qo‘riqlanayotgan obyekt maʼmuriyatiga, mansabdor shaxsiga obyektni muhandislik-texnik mustahkamligini taʼminlash, signalizatsiya tizimlari va videokuzatuv bilan jihozlash bo‘yicha taqdimnoma kiritadi; tibbiy yordam ko‘rsatish punktlarida huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarga nisbatan belgilangan tartibda chora ko‘radi, zarur hollarda esa tegishli qaror qabul qilish uchun ularni hududiy ichki ishlar organlariga topshiradi; mastlik holatidagi shaxslardan xizmat vazifalari bajarilishiga to‘sqinlik qiluvchi huquqbuzarliklar va xatti-harakatlarni to‘xtatishni talab qiladi, ushbu talablar bajarilmagan taqdirda, qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan tegishli choralarni qo‘llaydi” deb belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 41-moddasida (haqorat qilish, yaʼni shaxsning shaʼni va qadr-qimmatini qasddan kamsitish) va 61-moddasida (mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) yuqorida qayd etilgan huquqbuzarliklar uchun javobgarlik belgilangan.
Bu holatlar yuzasidan xodimlar havfsizligini taʼminlash bo‘yicha qo‘riqlash xizmati faoliyatini kuchaytirish hamda hushyorxonadagi kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Zomin tumanlararo punktida esa tibbiy yordam ko‘rsatish xonasidagi dori-darmon va tibbiy uskunalar holati o‘rganilganda, birinchi yordam uchun zarur vositalar yetarli emasligi maʼlum bo‘ldi. Qo‘riqlash xizmati va tibbiyot xodimlari uchun alohida xonalar tashkil etilmagan, palatalardagi yostiq jildlari va choyshablar eskirgan holatda ekani aniqlandi.
Shuningdek, Maxsus qabulxonadagi ayrim xonalar (omborxona)da videokuzatuv vositalari o‘rnatilmagani maʼlum bo‘ldi.
Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli idoralarga Ombudsmanning nazorat xatlari kiritildi.
Monitoring jarayonida “Ombudsman qutisi” orqali kelib tushgan murojaatlar ko‘rib chiqildi, muassasalarda sayyor qabullar o‘tkazilib, murojaatlari qabul qilindi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati






