Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Inson huquqlarini taʼminlashga oid masalalar muhokama qilindi
2026 yilning 4 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti boshlig‘i Azizxon Umarxonov bilan uchrashdi.

Uchrashuv davomida Ombudsman tomonidan 2025 yilda jazoni ijro etish muassasalari hamda harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarga jamoatchilik guruhlari aʼzolari bilan birgalikda amalga oshirilgan monitoring tashriflari natijalari muhokama qilindi. Xususan, mahkum va mahbuslarni saqlash sharoitlari, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlar yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek, inson huquq va erkinliklariga oid kelib tushgan murojaatlar tahlili natijalari hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan hamkorlikdagi choralar belgilab olindi.

Maʼlumot uchun, so‘nggi 5 yil davomida Ombudsman hamda uning boshchiligidagi jamoatchilik guruhlari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan yopiq muassasalarga 3 mingdan ortiq monitoring tashriflari amalga oshirilgan.

Jumladan, 2025 yilda bunday muassasalarga 954 marotaba monitoring tashrifi o‘tkazilib, 11 mingdan ortiq mahkum va mahbuslar bilan jamoaviy, 5 487 nafar shaxs bilan esa xoli tarzda suhbatlar o‘tkazildi. Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan Ombudsman tomonidan kiritilgan taʼsir choralari shaklidagi hujjatlarning ko‘rib chiqilishi natijasida bir qator muassasalarda sharoitlar yaxshilandi hamda bu maqsadlar uchun 8,5 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ ajratildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati