Murojaatlar mazmunidan kelib chiqqan holda tegishli tashkilot va idoralar vakillari ishtirokida ishchi guruhlar tuzilib, holatlar joyida tahlil qilindi. Ushbu murojaatlarda yo‘l qurish va taʼmirlash, mehnat munosabatlari, ijtimoiy yordam ajratish, elektr energiyasi taʼminoti kabi masalalar ko‘tarilgan.
O‘rganish jarayonida murojaatchilar bilan bevosita muloqot o‘tkazilib, masʼul tashkilotlarga qonunchilik talablari doirasida tegishli choralar ko‘rish yuzasidan tavsiyalar berildi. Ayrim holatlar bo‘yicha masalalarni joyida hal etish choralari belgilandi.
Shuningdek, mahkum va mahbuslarning yaqin qarindoshlari va advokatlari murojaatlari asosida Buxoro, Surxondaryo, Navoiy va Toshkent viloyatlaridagi yopiq muassasalarda saqlanayotgan shaxslar bilan holi tarzda uchrashildi.
Qayd etish lozimki, Ombudsmanning hududlardagi mintaqaviy vakillarining Xalq deputatlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Viloyatlar Kengashlari bilan hamkorlik qilish bo‘yicha chora-tadbirlar rejalariga asosan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini viloyat, shahar va tuman deputatlari hamda Senat aʼzolari, davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan iborat ishchi guruhlar shakllantirilgan xolda joylarga chiqib o‘rganish hamda xal etish choralarini ko‘rish ko‘zda tutilgan.
Ombudsman instituti murojaatlarni joyiga chiqib o‘rganish amaliyoti orqali fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan ishlarni davom ettiradi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati






