Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
20 fevral — Xalqaro ijtimoiy adolat kuni
2007 yilda BMT Bosh Assambleyasi qarori bilan 20 fevral — Xalqaro ijtimoiy adolat kuni deb eʼlon qilingan va ushbu sana 2009 yildan buyon dunyo miqyosida nishonlanib kelinmoqda.

Ijtimoiy adolat — bu har bir fuqaroning huquq va erkinliklari amalda himoya qilinishi, munosib mehnat sharoiti, teng imkoniyatlar yaratilishi hamda kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik tamoyillarining hayotga tatbiq etilishidir.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mamlakatimiz ijtimoiy davlat sifatida belgilangan. Bu esa aholining ijtimoiy himoyasini taʼminlash, inson qadrini ulug‘lash va teng imkoniyatlar yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi ekanini anglatadi.

Taʼkidlash joizki, yurtimizda kam taʼminlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun sharoitlarni yaxshilash, ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish, munosib mehnat munosabatlarini taʼminlash hamda kamsitishning oldini olishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. 2026 yilda ijtimoiy adolatni mahallalardan boshlab taʼminlash, aholiga eng quyi qatlamdayoq manzilli yordam ko‘rsatish bo‘yicha muhim qadamlar qo‘yildi.

Ushbu yo‘nalishda Ombudsman, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda BMT Taraqqiyot dasturi hamkorligida “O‘zbekistonda qonun ustuvorligi va inson huquqlarini himoya qilishni mustahkamlash” loyihasi doirasida 2025 yilda ijtimoiy adolatni amalda taʼminlashga qaratilgan qator muhim amaliy ishlar qilindi.

Farg‘ona viloyatida zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlar va bolalar uchun markaz barpo etilib, huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatish imkoniyatlari yaratildi. Loyiha doirasida shuningdek xodimlar va fuqarolik jamiyati institutlari malakasini oshirishga qaratilgan qator seminar–treninglar tashkil etildi, qonunchilikni yana-da takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) instituti fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqish, yopiq muassasalarga monitoring tashriflarini amalga oshirish, jamiyatda mavjud masalalarni tizimli hal etish borasida faoliyat yuritmoqda. “Tenglik va hurmat” hamda “Ombudsman maktabi” platformalari orqali aholi bilan ochiq muloqot qilinib, murojaatlari tinglanmoqda va ularni hal etish choralari ko‘rilmoqda.

Ijtimoiy adolatni taʼminlash — bu faqat davlat organlarining emas, balki har birimizning fuqarolik burchimizdir. Bir narsa aniq: bu yo‘lda barchamiz birlashishimiz, befarq bo‘lmasligimiz zarur. Bugungi sana jamiyatda adolat va tenglikni taʼminlash borasidagi masʼuliyatimizni yana bir bor anglashga chorlaydi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati