Monitoring davomida mahkumlar bilan, shu jumladan mahkum A.T. bilan ham holi tarzda suhbat o‘tkazildi va uning sog‘lig‘iga oid tibbiy hujjatlar bilan tanishildi.
A.T. muassasada tibbiy yordam ko‘rsatilishidan shikoyati yo‘qligini, muntazam ravishda to‘liq tibbiy tekshiruvdan o‘tkazib kelinayotganligini, faqatgina avvaldan mavjud bo‘lgan kasalliklari tufayli sog‘lig‘ida biroz o‘zgarishlar borligini va tegishli tibbiy yordam olayotganligini qayd etdi. Shuningdek, muassasada o‘z xohishiga ko‘ra mehnatga jalb etilganligi (oshxona ishlari bilan shug‘ullanadi) hamda qonunchilikda belgilangan vaqtlardan tashqari ortiqcha mehnatga jalb etilmaganligini, ish sharoiti mehnatni muhofaza qilish qoidalariga muvofiq ekanini aytib o‘tdi.
Oziq-ovqat taʼminoti va yashash sharoiti bo‘yicha ham shikoyat bildirmadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, sog‘lig‘idan kelib chiqib, belgilangan norma bo‘yicha oziq-ovqat beriladi.
Mahkum A.T. bilan o‘tkazilgan holi tarzdagi suhbatda u hech qanday masalada murojaat qilmadi.
Eslatib o‘tamiz, Ombudsmanning Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan ushbu muassasaga 2025-yilning noyabr va dekabr oylarida amalga oshirilgan monitoring tashriflari davomida ham mahkum A.T. tomonidan murojaatlar kelib tushmagan.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)Axborot xizmati






