Tashriflar chog‘ida harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan yopiq muassasalarda saqlanayotgan shaxslarning yashash, ovqatlanish, tibbiy xizmatdan foydalanish, mehnatga jalb etilish, yaqin qarindoshlari bilan uchrashuv, murojaat qilish kabi huquqlarining taʼminlanish holati o‘rganildi. Kameralar va xonalarda sanitariya holati, videokuzatuv tizimi, advokatlar bilan uchrashish va pochta hamda yo‘qlovlarni olish jarayonlari ko‘zdan kechirildi.
Shuningdek, ushbu yopiq muassasalarga joylashtirilgan “Ombudsman quti”lari tekshirilib, murojaatlar qabul qilindi. Shu bilan birga, mahkum va mahbuslar uchun sayyor qabullar tashkil etilib, ular bilan xoli tarzda uchrashildi.
6-son jazoni ijro etish koloniyasidagi mahkumlar murojaati asosida Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi bilan hamkorlikda 30 nafar mahkumga ID-karta rasmiylashtirilib, egalariga topshirildi.
Shuningdek, 39 nafar mahkumga “Yog‘ochdan xalq hunarmandchiligi mahsulotlarini tayyorlash”, “Metaldan buyumlar tayyorlash” hamda “Gul bosilgan gazlamalar va chokli buyumlar tayyorlash” kurslarini tamomlagani uchun sertifikatlar topshirildi.
Pop tumanidagi hushyorxonaga o‘tkazilgan monitoringda avvalgi o‘rganishlarda bildirilgan tavsiyalar asosida taʼmirlash ishlari olib borilayotgani aniqlandi.
Yangi yil bayrami munosabati bilan Pop “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun erkaklar internat uyida yashayotgan nogironligi bo‘lgan shaxslarga sovg‘alar berildi.
Eslatib o‘tamiz, Ombudsman tomonidan qiynoqlarni oldini olish bo‘yicha monitoring tashriflari yakuni yuzasidan tayyorlangan tahliliy maʼlumotlar, jumladan monitoring jarayonida aniqlangan kamchiliklar Oliy Majlis palatalariga taqdim etiladi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati






