Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Jizzaxda aholining huquqiy xabardorligini oshirishga qaratilgan tadbir bo‘lib o‘tdi
2025 yil 17 dekabr kuni Jizzax shahrida aholining huquqiy madaniyati va xabardorligini oshirishga qaratilgan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbir Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) hamda Konrad Adenauer jamg‘armasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi tomonidan tashkil etildi.

Tadbirda Ombudsman huzuridagi Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi bo‘yicha komissiyasi va Ilmiy-maslahat kengashi a’zolari, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, mutaxassis-olimlar ishtirok etdi.

Ombudsmanga aholiden kelgan murojaatlar tahlili chekka hududlarda aholining huquqiy bilim va huquqiy tushuntirishlarga bo‘lgan ehtiyoji yuqori ekanini aniq ko‘rsatmoqda.

So‘nggi yillarda Ombudsman instituti tomonidan fuqarolarning huquqiy xabardorligini oshirishga qaratilgan maqsadli va manzilli tarzda huquqiy-ma’rifiy loyihalar izchil amalga oshirilmoqda. Jumladan, chekka hududlarda aholi bilan ochiq muloqot va huquqiy tushuntirish ishlarini olib borishga qaratilgan “Ombudsman maktabi” loyihasi yo‘lga qo‘yilgan.

Bundan tashqari, umumta’lim maktablarida o‘quvchilarga nafaqat o‘z huquqlaridan foydalanish, balki o‘zgalar huquq va erkinliklariga hurmat bilan munosabatda bo‘lishga qaratilgan “Ombudsman soati” innovatsion darslari o‘tkazib kelinmoqda.

Shuningdek, zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlarga manzilli psixologik, huquqiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatishni nazarda tutuvchi “Tenglik va hurmat” loyihalari izchil amalga oshirib kelinmoqda.

Shu kabi loyihalar davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikda amalga oshirilib, aholiga huquqiy islohotlar mazmuni hamda o‘z huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish yo‘llarini tushuntirishga qaratilgan. Bu yo‘nalishdagi targ‘ibot ishlari zamonaviy, ta’sirchan va amaliy usullar asosida izchil olib borilmoqda.

Ochiq va samimiy muloqotda huquqiy madaniyatni yuksaltirishning amaliy jihatlari muhokama markazida bo‘ldi. Xususan, chekka hududlarda fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan aholining, ayniqsa xotin-qizlar va yoshlarning huquqiy xabardorligini oshirish, zo‘ravonlik holatlarining oldini olishga qaratilgan huquqiy targ‘ibot-tashviqot ishlarini kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda shaxsiy hayot daxlsizligini buzilishi, yolg‘on ma’lumotlarni tarqatish va huquqni inkor etuvchi qarashlarning tarqalishiga qarshi huquqiy immunitetni shakllantirishning zamonaviy yo‘llari muhokama qilindi.

Tadbir ishtirokchilari tomonidan mehnat huquqlari, ijtimoiy himoya, gender tengligi, bolalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini ta’minlash kabi masalalar yuzasidan aniq taklif va tavsiyalar bildirildi.

Davra suhbati yakunlariga ko‘ra, davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalari o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish, huquqiy targ‘ibotni mahalliy ehtiyojlardan kelib chiqqan holda tashkil etish zarurligi qayd etildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati