Dastlab, Buxoro viloyati Kogon tumanida joylashgan 1-son Jazoni ijro etish koloniyasiga tashrif buyurildi. 1700 mahkumga mo‘ljallangan mazkur koloniyada tibbiyot punktining kichikligi sabab, mahkumlarni tibbiy xizmatdan foydalanishida qiyinchiliklar kuzatilgan.
Ombudsman so‘roviga asosan, ushbu muassasada 24 o‘ringa mo‘ljallangan, kengaytirilgan tibbiyot punktini tashkil etish uchun mablag‘ ajratildi va bugun mazkur tibbiyot punktining ochilishi bo‘lib o‘tdi.
Tashrif davomida mahkumlarning yashash, ovqatlanish, tibbiy xizmatdan foydalanish, mehnat qilish sharoitlari, uzoq va qisqa muddatli uchrashuv xonalar holati o‘rganilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Ushbu muassasada saqlanayotgan mahkumlar Ombudsmanning shaxsiy qabulini so‘rab murojaat qilishgan edi. Shu sababli monitoring doirasida mahkumlar bilan jamoaviy va yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilib, murojaatlari qabul qilindi. Mahkumlarning turli masalalardagi murojaatlari qabul qilindi. Shuningdek, “Ombudsman quti”siga tashlangan murojaatlar o‘rganish uchun olib ketildi.
Keyingi manzil viloyatdagi IIB Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni saqlash uchun mo‘ljallangan Maxsus qabulxonasi bo‘ldi. Qayd etish lozimki, Ombudsmanning Buxoro viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan Xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashi sessiyasida ushbu Maxsus qabulxonada belgilangan sig‘imdan ancha ko‘p shaxslar saqlanayotgani munosabati bilan qo‘shimcha bino qurilishiga ehtiyoj borligi bo‘yicha taklif berilgan edi. Ushbu taklif inobatga olinib, bino uchun mablag‘ ajratilgan va hozirda qurilish ishlari davom etmoqda.
Shuningdek, 26 va 27 noyabr kunlari Ombudsman Devoni xodimlari tomonidan Reabilitatsiya markazi, 17-son jazoni ijro etish koloniyasi, Buxoro shahridagi Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining viloyat filiali, mastlik holatidagi shaxslar saqlanadigan punkt, Ruhiy asab kasalliklari klinikasi, 4-son tergov hibsxonasi, Ayollar muruvvat uyi va Buxoro viloyati Vaqtincha saqlash hibsxonasida sharoitlar o‘rganilgan.
Monitoring tashriflarida muassasalardagi yotoq joylari, yuvinish xonalari, oshxona, tibbiyot bo‘limi, oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmon vositalarini saqlash joylari, kutubxona, sport zal, to‘garaklar xonasi, madaniy dam olish, telefon orqali so‘zlashuv, uzoq va qisqa muddatli uchrashuv xonalari, tintuv xonasi, sayilgoh, tergov va advokatlar xonalaridagi sharoitlar hamda muassasalarga o‘rnatilgan hududlardagi videokuzatuv kameralari holatiga alohida eʼtibor qaratildi.
Eslatib o‘tamiz, Ombudsman tomonidan qiynoqlarni oldini olish bo‘yicha monitoring tashriflari yakuni yuzasidan tayyorlangan tahliliy maʼlumotlar, jumladan monitoring jarayonida aniqlangan kamchiliklar Oliy Majlis palatalariga taqdim etiladi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati






