Spikerlar o‘z nutqlarida parlament nazoratining jamiyatda ochiqlik, hisobdorlik va inson huquqlarini ta’minlashdagi roli ortib borayotganini ta’kidladilar.
Tadbirda so‘z olgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Feruza Eshmatova, Ombudsman instituti parlament nazoratining muhim bo‘g‘ini sifatida inson huquqlari sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishda faol ishtirok etayotganini alohida qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, har bir fuqaro murojaati ortida inson taqdiri, huquq va manfaatlari mujassam bo‘lib, ularni o‘rganish jarayonida muayyan muammolarning asl sabablari aniqlanmoqda. Eng muhimi, Ombudsman va parlament o‘rtasidagi ushbu hamkorlik inson huquqlari himoyasiga qaratilgan davlat siyosatining uzviy qismiga aylanib, xalq manfaatlariga xizmat qiladigan ochiq, mas’uliyatli va adolatli boshqaruvni shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Shuningdek, konferensiya doirasida Germaniya, Finlyandiya, Hindiston va Vengriyadan tashrif buyurgan ekspertlar tomonidan parlament nazoratini amalga oshirish bo‘yicha xalqaro tajribalar, byudjet jarayonlari shaffofligi, konstitutsiyaviy nazorat, raqamli transformatsiya sharoitida hisobdorlikni oshirish kabi masalalar yuzasidan fikr almashildi.






