Navbatdagi ochiq muloqotlar Sirdaryo, Qashqadaryo, Farg‘ona, Namangan va Xorazm viloyatlarida o‘tkazildi. Dastlab murojaatlar tahlil qilinib, har bir hudud uchun dolzarb masalalar aniqlangan hamda tegishli mas’ul idoralar vakillari jalb etildi.
“Ombudsman maktabi” tadbirlarida jami qariyb 1000 nafar fuqarolar qamrab olindi. Xususan, Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanidagi “Poshton” mahallasi, Sirdaryo viloyati Sardoba tumanidagi “Birlashtgan” va “Paxtakor” mahallalari, Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanidagi “Oqqo‘rg‘on”, “Yuqori Mang‘it”, “Tepalik”, “Jov”, “Nayman”, “Buvayda”, “Ozod”, “Elobod”, “Tog‘liq”, “Beshtirak” va boshqa mahallalarda istiqomat qiluvchi fuqarolar tadbirlarda ishtirok etdi.
Uchrashuvlarda kiberjinoyatchilik va moliyaviy firibgarlikning oldini olish, mehnat munosabatlari va mehnat migratsiyasi jarayonlarini huquqiy tartibga solish, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash masalalari yuzasidan huquqiy tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, Namangan davlat texnika universiteti, Qarshi davlat texnika universiteti, Qarshi davlat universiteti, Urganch davlat pedagogika instituti va Guliston davlat universitetida ham “Ombudsman maktabi” tadbirlari o‘tkazildi. Ushbu tadbirlarda talabalar uchun yoshlarga oid davlat siyosati va ular uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
“Ombudsman maktabi” tadbirlaridan so‘ng, Ombudsmanning hududlardagi mintaqaviy vakillari tomonidan sayyor qabullar o‘tkazilib, fuqarolarning murojaatlari qabul qilindi.






