Tadbirda Ombudsman huzuridagi Insonning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga rioya etilishi bo‘yicha komissiya va Ilmiy-maslahat kengashi a’zolari, davlat idoralari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, fuqarolik jamiyati institutlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, siyosiy partiyalar, oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari, mahalla raislari, xotin-qizlar bilan ishlovchi mas’ullar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan barcha islohotlarning markazida inson, uning huquq va qonuniy manfaatlari turadi. Bu yo‘lda eng muhim vazifalardan biri — aholining huquqiy xabardorligi va huquqiy madaniyatini oshirishdir.
Qayd etilishicha, aholining huquqiy xabardorligini oshirish Ombudsman faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Murojaatlar tahlili shuni ko‘rsatadiki, chekka hududlarda huquqiy bilimga ehtiyoj yuqori saqlanmoqda. Shu bois, mazkur masalalarni qamrab oluvchi qator loyihalar izchil amalga oshirilmoqda.
Xususan, chekka hududlarda aholi bilan ochiq muloqot va huquqiy tushuntirish ishlari uchun “Ombudsman maktabi”, umumta’lim maktablarida o‘quvchilarning huquqiy savodxonligini mustahkamlovchi “Ombudsman soati”, shuningdek, zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlarga manzilli psixologik, huquqiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatuvchi “Tenglik va hurmat” loyihalari yo‘lga qo‘yilgan.
Tadbir davomida umumta’lim muassasalarida inson huquqlari bo‘yicha dars berayotgan o‘qituvchilarning atigi 13 foizi huquq fani mutaxassislari ekani ta’kidlandi. Shuningdek, aholining huquqiy xabardorligini oshirishga xizmat qilayotgan huquqiy onlayn platformalar, interaktiv resurslar va tegishli ta’lim dasturlari haqida ma’lumot berildi.
Ombudsmanga kelib tushayotgan murojaatlar tahlili asosida huquqiy xabardorlikni oshirish bo‘yicha muhim yo‘nalishlar muhokama qilindi: gender tengligi, sog‘liqni saqlash, mehnat munosabatlarida qonuniy kafolatlar va ta’lim olish huquqi.






