Tashrifning dastlabki kunida Ombudsman Moskva shahridagi O‘zbekiston Respublikasi Elchixonasida mamlakatimiz fuqarolari bilan uchrashdi. Qayd etish lozimki mazkur uchrashuv fuqarolarimiz duch kelayotgan muammolarga amaliy yechim topish maqsadida tashkil etildi.
Unda Rossiya Federatsiyasining Inson huquqlari bo‘yicha vakili Tatyana Moskalkova va uning jamoasi, shuningdek, Rossiyaning Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi tashqi mehnat migratsiyasi, ruxsatnomalar va vizalar bilan ishlash departamenti vakillari ishtirok etdilar.
Muloqot davomida vatandoshlarimiz o‘zlarini qiziqtirgan huquqiy va ijtimoiy yo‘nalishlarda, jumladan, vaqtincha ishlash uchun kelgan shaxslar faoliyati, mehnat shartlari, ro‘yxatdan o‘tish (propiska), maktab taʼlimi kabi sohalarda duch kelayotgan masalalar bo‘yicha fikr almashdilar.
Suhbat chog‘ida fuqarolar murojaatlarini hal etish bo‘yicha hamkorlar bilan aniq vazifalar belgilab olindi hamda ularning yechimiga kirishildi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 30 iyul kuni O‘zbekiston va Rossiya inson huquqlari bo‘yicha vakillar o‘rtasida 2025–2026 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” imzolangan edi. Unda inson huquqlarini himoya qilish sohasida fuqarolar murojaatlarini birgalikda ko‘rib chiqish, qo‘shma monitoringlar o‘tkazish, migrantlar o‘rtasida huquqiy xabardorlikni oshirish, shuningdek, milliy va xalqaro darajada hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan yo‘nalishlar belgilangan bo‘lib, ushbu uchrashuv ham aynan “Yo‘l xaritasi”da nazarda tutilgan vazifalarni amalga oshirish doirasida tashkil etildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati