Tadbir YEXHT doirasidagi eng yirik inson huquqlari forumi bo‘lib, unda tashkilotga aʼzo 57 davlat, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi, shuningdek, YEXHTning institutlari, milliy inson huquqlari tashkilotlari, fuqarolik jamiyati vakillari hamda xalqaro ekspertlar ishtirok etmoqda.
Konferensiyada inson huquqlari, qonun ustuvorligi, so‘z erkinligi, gender tengligi va qiynoqlarni oldini olish masalalari yuzasidan fikr almashish, milliy institutlar faoliyatidagi ilg‘or tajribalarni o‘rganish hamda mamlakatlar o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilinmoqda.
9 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan konferensiyaning navbatdagi plenar majlisi —“Qonun ustuvorligi: Qiynoqlar va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala va jazo turlarining oldini olish hamda ularni bartaraf etish ”mavzusidagi 4-sessiya ishida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova maʼruza bilan ishtirok etdi. U o‘z nutqida mamlakatimiz qiynoqqa qarshi o‘zining mustahkam pozitsiyasiga ega ekanligini taʼkidlab, Davlatimiz rahbarining qaroriga muvofiq tuzilgan jamoatchilik guruhlari bilan birgalikda penitensiar muassasalarga o‘tkazilayotgan monitoring tashriflarining ahamiyatiga alohida eʼtibor qaratdi.
Mazkur sessiyada YEXHT ishtirokchi davlatlari va milliy inson huquqlari institutlari qiynoqlarni oldini olish, milliy preventiv mexanizmlar samaradorligini oshirish, jazoni ijro etish muassasalari faoliyatida ochiqlik va hisobdorlikni taʼminlash masalalari yuzasidan fikr almashishdi.
Varshava konferensiyasi inson huquqlari sohasida davlatlar va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi muloqotni samarali tashkil etish, milliy tajribalarni taqqoslash va xalqaro standartlarni samarali joriy etish uchun muhim minbar hisoblanadi.
Anjuman joriy yilning 17 oktyabrgacha davom etadi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati