Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Tajriba va muloqot: Ombudsman Devoni xodimlari uchun xalqaro seminar tashkil etildi
2025 yil 17–18 sentyabr kunlari Toshkentda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Devoni xodimlari uchun Finlyandiya Tashqi ishlar vazirligi va Xelsinki universiteti huzuridagi Qonun ustuvorligi markazi hamkorligida seminar-trening tashkil etildi.

Seminar odam savdosiga qarshi kurash, ayollarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarini o‘rganish hamda korrupsiyaga qarshi kurashish mavzulariga bag‘ishlandi. Unda xorijiy ekspert — Finlyandiya Adliya kansleri o‘rinbosari Mikko Pumalaynen o‘zining ko‘p yillik tajribasi asosida Finlyandiyadagi huquqiy amaliyot va samarali mexanizmlar haqida maʼlumot berdi.

Seminar-trening erkin muloqot va savol-javoblar asosida o‘tdi. Unda har ikki mamlakatda odam savdosiga qarshi kurashish, gender asosidagi zo‘ravonlikning oldini olish va korrupsiyaga qarshi kurashish choralarini yana-da takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.

Ombudsman instituti xodimlari malakasini muntazam oshirishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Treninglarga xalqaro ekspertlarni jalb qilish orqali ularning bilim va ko‘nikmalari boyitilib, inson huquqlari sohasida samarali ishlash uchun yangi usul va yondashuvlar o‘zlashtirilmoqda.

Mazkur tadbir Finlyandiya bilan hamkorlikda tashkil etilgan to‘rtinchi seminar bo‘lib, unga qadar fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqish mexanizmlari, Adliya kansleri va Parlament Ombudsmani vakolatlari, jamoatchilik bilan ishlash tartibi, shuningdek, sunʼiy intellektning xavflari va uni tartibga solish masalalari muhokama qilingan edi. 2024 yil dekabr oyida esa Ombudsman xodimlari Finlyandiya Parlament Ombudsmani ofisi faoliyati bilan tanishgan.

Ombudsman institutida bunday seminar va treninglarni tashkil etish, inson huquqlarini himoya qilishda ilg‘or tajribalarni o‘rganish hamda xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Maʼlumot uchun: Finlyandiya qonun ustuvorligi va inson huquqlarini himoya qilishda jahonda eng ilg‘or davlatlardan biri hisoblanadi. Transparency International reytingiga ko‘ra, korrupsiyaga qarshi kurashda Finlyandiya doim eng yuqori o‘rinlarni egallab keladi. 2024 yilda Corruption Perceptions Index, CPI indeksida 88 ball bilan 180 davlat orasida 2-o‘rinni egallagan.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati