Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
O‘zbekistonda qonun ustuvorligi va inson huquqlarini himoya qilishni mustahkamlash sohasidagi yutuqlar va istiqbollar
2025-yil 16-sentabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) va fuqarolik jamiyati tashkilotlari hamkorligida “O‘zbekistonda qonun ustuvorligi va inson huquqlarini himoya qilishni mustahkamlash sohasidagi yutuqlar va istiqbollar” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Tadbir davlat idoralari va fuqarolik jamiyati vakillari, ilmiy doiralar va xalqaro hamkorlarni oxirgi uch yil davomida O‘zbekistonning adliya tizimi islohotlarini ilgari surish va qonun ustuvorligini mustahkamlash yo‘lidagi yutuqlarini muhokama qilish uchun birlashtirdi. Ishtirokchilar mamlakatning adolatga erishish, bepul yuridik yordam tizimini shakllantirish va ayollar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda olis hududlarda yashovchi aholi kabi zaif guruhlar uchun himoya mexanizmlarini kuchaytirishdagi natijalarini alohida ta’kidladilar.

O‘z ochilish nutqida BMTTDning O‘zbekistondagi doimiy vakilasi Akiko Fujii xonim “O‘zbekistonda qonun ustuvorligi va inson huquqlarini himoya qilishni mustahkamlash” loyihasining amaliy natijalariga e’tibor qaratdi:

“Oradan atigi uch yil o‘tib, bizning Qonun ustuvorligi loyihamiz orqali 28 ming 500 dan ortiq fuqaro — jumladan, ayollar, yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslar — bepul yuridik yordam oldilar. Fuqarolik jamiyati va davlat hamkorlari bilan birgalikda biz endi adolatga erishishni yanada inklyuziv va barcha uchun ochiq qilish maqsadida ‘Yuridik Yordam’ raqamli platformasini ishga tushirmoqdamiz.”

Davra suhbatida milliy hamkorlar va fuqarolik jamiyati tashkilotlarining taqdimotlari ham o‘tkazildi. Nogironlar jamoat birlashmasi “Sharoit Plyus” nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan huquqplus.uz yuridik yordam portalini taqdim etdi. “Mehrjon” nodavlat notijorat tashkiloti esa gender zo‘ravonlikdan jabrlanganlar uchun himoya va xizmatlar ko‘rsatuvchi shelterning qurilishi haqida ma’lumot berdi. Har ikki tashabbus O‘zbekistonda inson huquqlari va adolatga erishishni mahalliy darajada ilgari surishning yorqin namunasini ko‘rsatdi.

"Ombudsman instituti fuqarolik jamiyati bilan hamkorlikda O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilishni rivojlantirish ustida ishlamoqda. Biz milliy qonunchilikni Istanbul protokoli talablari nuqtayi nazaridan keng qamrovli tahlildan o‘tkazdik, bu esa qiynoqlar va g‘ayriinsoniy muomalaga qarshi kuchliroq kafolatlarni ta’minlashga xizmat qilmoqda. Penitensiar muassasalarda olib borilayotgan doimiy monitoring tashriflarimiz esa sharoitlarni xalqaro standartlarga muvofiq yaxshilashga qaratilgan. Biz uchun har bir insonning qadri va huquqi eng ustuvor masala. Shu yo‘lda adolat va tenglik barcha uchun hayotiy qoidalarga aylanishi uchun doim harakat qilamiz."- dedi, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Feruza Eshmatova

Davra suhbatining yakunida fuqarolik jamiyatining inson huquqlarini ilgari surishga qo‘shgan hissasi uchun tanlab olingan NNTlarga aholiga birlamchi va ikkilamchi yuridik yordam ko‘rsatish faoliyatini mustahkamlash maqsadida axborot-kommunikatsiya texnikalari topshirildi. Davra suhbati O‘zbekistonning adliya va inson huquqlari tizimlarini yanada mustahkamlash bo‘yicha amaliy tavsiyalar bilan yakunlandi.