Fuqaro M.P. o‘z murojaatida, 2024 yil dekabr oyida o‘zini Ichki ishlar, Davlat xavfsizlik xizmati va Markaziy bank xodimi deb tanishtirgan shaxslar taʼsirida kriptovalyuta orqali 170 000 AQSH dollarini o‘tkazib yuborganini bildirgan. Shu maqsadda u avtomashinasi va uyini sotgan, jamg‘armalarini yo‘qotgan, hatto qarzga kirgan.
Fuqaro M.P. 2024 yil dekabrida Kiberxavfsizlik markaziga rasmiy tarzda murojaat qilib, jinoiy ish qo‘zg‘atilgan va u jabrlanuvchi sifatida tan olingan.
Ombudsman shikoyatda ko‘rsatilgan vajlarga aniqlik kiritish maqsadida Ichki ishlar vazirligiga murojaat qildi.
Murojaat hamkorlikda o‘rganilishi natijasida Kiberxavfsizlik boshqarmasi tomonidan Kriptodo‘kondan fuqaro M.P. foydasiga 115 ming AQSH dollari (1 mlrd 434 mln 625 ming so‘m) undirib berildi.
Ombudsmanga firibgarlik bilan bog‘liq ko‘plab murojaatlar kelib tushadi, ammo ularning katta qismida mablag‘larni qaytarish imkoni bo‘lmaydi. Bu esa bunday holatlarga aldanmaslik va oldindan ogoh bo‘lishni taqozo etadi.
Shu munosabat bilan, Ombudsman fuqarolarni quyidagilarga jiddiy eʼtibor qaratishga chaqirib qoladi:
• O‘zini huquqni muhofaza qiluvchi organ yoki bank xodimi deb tanishtirgan, ammo shaxsiy raqamlar orqali qo‘ng‘iroq qilayotgan, to‘lov yoki maʼlumot so‘rayotgan shaxslarga ishonmang;
• Telefon orqali pasport yoki ID-karta, plastik karta, PIN-kod, SMS-kod kabi shaxsiy maʼlumotlarni hech kimga oshkor qilmang;
• Siz tanimagan shaxslar kriptovalyuta orqali to‘lov qilishga undasa, bu holatni darhol to‘xtating va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qiling;
• Davlat organlari, idora va tashkilotlar o‘z faoliyatini faqat rasmiy kanallar orqali amalga oshiradi. Shubhali holatlarda tegishli idoraning ishonchli raqamlari orqali tasdiq oling.
Ombudsman fuqarolarni avvalambor huquqiy xabardor va ogoh bo‘lishga chaqiradi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati