Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Respublikaning chekka hududlarida “Ombudsman maktabi” tadbirlari va sayyor qabullar o‘tkazilmoqda
Maʼlumki, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) xalq va davlat organlari o‘rtasida samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish hamda fuqarolarning huquqiy xabardorligini oshirish maqsadida “Ombudsman maktabi” tadbirlarini o‘tkazib kelmoqda. Mazkur tadbir doirasida fuqarolar qabuli ham tashkil etilib, ular murojaatlari qabul qilinmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo, Farg‘ona va Xorazm viloyatlaridan yuborilgan murojaatlar o‘rganilib, ushbu hududlar uchun muhim bo‘lgan masalalar tanlab olindi va mazkur mavzularga bag‘ishlangan “Ombudsman maktabi” tadbirlari o‘tkazildi.

Aholining huquqiy xabardorligini oshirishga qaratilgan ochiq muloqotlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Chimboy tumanidan “Gujimli”, “Berdak”, “Abat makan”, “Shaxtemir”, “Karakol” va “Doslik” mahallalari, Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanidagiKildon”, “Sayiltepa”, “Beshkuvi” mahallalari hamda Kattaqo‘rg‘on tumani Mo‘minxo‘ja mahallasi va unga qarashli qishloqlar, Surxondaryo viloyati Bandixon tumanidagi “Chinor”, “Navro‘z”, “Bandixon”, “Bektepa”, “Obikor”, “Quduqsoy” va “Birdamlik” mahallalari, Farg‘ona tumani Vodil qishlog‘idan “Qo‘riq”, “Boymaxalla”, “Gulshan”, “Soybo‘yi”, “Yuqori Gulshan” hamda Chimyon qishlog‘idan “Tinchlik”, “Beruniy”, “Novkent”, “Dilkusho”, “Vodil” mahallalari, Xorazm viloyati Xiva tumanidan Doshyoq”, “Bustan”, “Gulshan”, “Oq yop”, “Serchali”, “Al-Xorazmiy” mahallalari, Qashqadaryo viloyati Qarshi shahridagiMahallot” va “Naxshab” mahallalarida yashovchi aholi ishtirok etdi.

Uchrashuvlarda ishtirok etgan masʼul idora vakillari tomonidan aholiga kiberjinoyatchilik va moliyaviy firibgarlikning oldini olish, mehnat migratsiyasi jarayonlari, mehnat munosabatlari, ijtimoiy xizmat va ijtimoiy yordam masalalari bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berildi. Qashqadaryo viloyatida esa aholiga odam savdosining oldini olish, inson erkinligi va huquqlari buzilishining oldini olish masalalari yuzasidan maʼlumotlar yetkazildi.

Samarqand viloyatida o‘tkazilgan tadbirlar doirasida aholi uchun bepul tibbiy ko‘riklar tashkil etildi, bepul dori vositalari tarqatildi hamda ehtiyojmand oilalarga ijtimoiy yordam ko‘rsatildi.

Shuningdek, Namangan davlat texnika universiteti va Sirdaryo viloyati Guliston davlat pedagogika instituti talabalari ishtirokida ham “Ombudsman maktabi” tadbirlari o‘tkazildi. Ushbu tadbirlarda talabalarga yoshlarga oid davlat siyosati va ular uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida tushuntirish berildi.

Jami 43 ta mahallada 900 nafardan ortiq aholi “Ombudsman maktabi” tadbirlariga qamrab olindi. Shuningdek, tadbirlar doirasida Ombudsmanning hududlardagi mintaqaviy vakillari tomonidan sayyor qabullar o‘tkazilib, fuqarolar murojaatlari qabul qilindi.

Bu tadbirlar avvalo fuqarolar murojaatlarini tahlil qilishga tayanadi va aynan ushbu hudud aholisi uchun dolzarb bo‘lgan masalalarda tegishli tashkilotlarni jalb etgan holda o‘tkaziladi. Shu bois ishtirokchilar qaysi muammo bo‘yicha qaysi idoraga murojaat qilish tartibini o‘rganib olishadi, shu zahoti o‘sha tashkilot vakillariga o‘z murojaatini ham qoldirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

“Ombudsman maktabi” loyihasining o‘ziga xos jihati shundaki, u nafaqat aholining huquqiy xabardorligini oshirishga xizmat qiladi, balki chekka hududlardagi fuqarolarning murojaatlarini joyida qabul qilish, tegishli tashkilot va idoralar ishtirokida masalalarni hal qilish, shuningdek, tibbiy ko‘riklar tashkil etish va ehtiyojmand oilalarga ijtimoiy yordam ko‘rsatish bilan ham ahamiyatlidir.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati