Mamlakatimizda xotin-qizlarni qo‘llab quvvatlash, ularni zo‘ravonlikdan himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarga qaramasdan, ijtimoiy tarmoqlarda xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari mavjud hamda Ombudsmanga ham shu mazmundagi murojaatlar kelib tushmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, 2024 yil davomida Ombudsman tomonidan ko‘rib chiqilgan murojaatlarning 409 tasi va 2025 yil 7 oyi davomida 158 tasi xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik, shaxsiy hayotga aralashish hamda oilada ayolning tahqirlanishi masalalarida kelib tushgan.
Shu nuqtai nazardan, Ombudsman tomonidan xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonliklarning barcha ko‘rinishidagi holatlarni oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilishi maqsad qilinib, “Tenglik va hurmat” platformasi tashkil etildi.
“Tenglik va hurmat” platformasi doirasidagi birinchi mobil “Huquqiy yordam avtobusi” tadbiri Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish Andijon viloyati hududiy markazida o‘tkazildi.
Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish Andijon viloyati hududiy markazida hozirda 7 nafar ayol va ularning 8 nafar farzandi yashamoqda. Ularning baʼzilari 1 oy avval, boshqalari esa 6 oydan buyon ushbu markazda davolanib, kasb o‘rganishmoqda. Ularning ayrimlari daromad topayotganini ham bildirdi.
Ombudsman boshchiligida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Andijon viloyati kengashi deputatlari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi Andijon viloyati boshqarmasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi Andijon viloyati boshqarmasi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi Andijon viloyati boshqarmasi masʼullari hamda NNT vakillari ayollar bilan suhbatlashishdi.
Jag‘ suyagim singan holatda kelganman bu markazga, — deydi ayollardan biri. — Bu yerda sharoitlar yaxshi, kasb o‘rgatadigan ustozlarimiz bor. Muhimi, farzandlarim o‘zim bilan. Avvallari bunday markaz borligini bilmaganman. Hozir kasb o‘rganib, daromad topish yo‘llarini bilib, ancha o‘zimga ishonchim ortdi. Bundan keyin zo‘ravonliklarga chidab yashamayman.
Yana bir ayol esa quyidagilarni so‘zlab berdi: — Ko‘p marotaba o‘zimni o‘ldirishga uringanman. Lekin farzandlarim nima bo‘ladi degan xavotir meni doim fikrimdan qaytargan. Ota-onam erta olamdan o‘tgan. Meni himoya qiladigan yaqinlarim yo‘qligi uchun ham zo‘ravonliklarga ko‘nib yashashimga to‘g‘ri kelgan.
Suhbat davomida ularning taʼlim olish, ishlash, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish, uy sotib olish borasidagi imkoniyatlari haqida to‘liq maʼlumot berildi. Baʼzi ayollar Ombudsmanga yakka tartibda murojaatlarini yo‘llashdi.
Taʼkidlash joizki, “Tenglik va hurmat” loyihasi nafaqat jabrdiyda ayollarni qo‘llab-quvvatlash, balki zo‘ravon bilan ishlash mexanizmlarini ham kuchaytirishni maqsad qilgan.
Shuningdek, psixolog ham ushbu ayollar bilan ishlab, bir nechta ruhan davolovchi muolajalar o‘tkazdi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati