Jamoaviy murojaat Sirdaryo tumanidagi “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ayollar internat uyi oshxonasida, autsorsing shartnomasi asosida ovqatlanish xizmati ko‘rsatuvchi xususiy korxonada mehnat qilayotgan fuqarolar tomonidan yuborilgan. Mazkur muassasa Ombudsmanning Sirdaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan tizimli ravishda monitoring o‘tkazib kelinadigan obyektlar sirasiga kiradi.
Murojaatda tadbirkor tomonidan 16 nafar ishchiga may oyi uchun qisman va iyun oyi uchun to‘liq ish haqi to‘lanmagani bildirilgan.
Ushbu murojaat ishchi guruh tomonidan o‘rganilishi natijasida ishchilar foydasiga jami 38 400 000 so‘m ish haqi undirib berildi.
Shuningdek, U Guliston shahar tibbiyot birlashmasiga qarashli 3-oilaviy poliklinikada ishlovchi xodim К.A. ogohlantirilmasdan ish haqining 50 foizi ushlab qolingani bo‘yicha shikoyat qildi.
Murojaat bo‘yicha ishga oid hujjatlar o‘rganilganda, fuqaro К.A.ga nisbatan mehnat intizomiga oid choralar belgilanishida belgilangan tartib buzilgani va uning mehnat huquqlari poymol etilgani aniqlandi.
O‘rganish natijasida murojaatchi К.A.ga nisbatan noqonuniy ravishda qo‘llanilgan hayfsan intizomiy jazosi va ish haqining 50 foizini ushlab qolish chorasi bekor qilindi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati